Samarqand davlat tibbiyot institutida “Ichki kasalliklar akademiyasi – so‘nggi yutuqlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi
Konferensiya taniqli fan arbobi, tibbiyot fanlari doktori, professor O‘ktam Vahobovaning 95 yilligi arafasida o‘tkazildi.
Anjumanda Rossiya, Belarus, AQSh, Polsha va O‘zbekistonning yetakchi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tekshirish institutlarining to‘rt yuzdan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro forumning yalpi majlisida “Yurak yetishmovchiligi — nima yangilik? Yangilangan ko‘rsatmalar”, “Zamonaviy tushunchalar asimptomatik bemorlarda karotid jarrohlik”, “Arterial gipertenziya davolashda zamonaviy yondashuvlar: asosiy fikrlarni ajratib ko‘rsatish”, “Arterial gipertenziya boshlang‘ich terapiyasida kombinatsiyalangan dorilarning o‘rni”, “Tibbiyotning zamonaviy sharoitida gastroenterologiyaning dolzarb masalalari”, “Anemiya bilan yurak yetishmovchiligini tashxislash va davolashga differensial yondashuv”, “O‘tkir chuqur tomir trombozini yangi og‘iz antikoagulyanti rivaroksaban bilan davolash” kabi dolzarb mavzularda ma'ruzalar qilindi.
Professor O‘ktam Vahobovaning hayoti va mintaqada tibbiyot fanining rivojiga qo‘shgan hissasi e'tirof etildi. Ma'lumot o‘rnida aytish mumkin, O‘ktam Vahobova 1950 yilda Samarqand davlat tibbiyot institutini bitirgan. Ordinatura va aspiranturada o‘qigan, umumiy amaliyot shifokori sifatida rivojlangan. 1957 yilda nomzodlik, 1972 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1973 yilda unga professor ilmiy unvoni berilgan. Professor O‘.Vahobovaning tashabbusi bilan SamDTIda pediatriya fakultetining ichki kasalliklar kafedrasi tashkil etilgan va 1973 yildan 2005 yilgacha ushbu kafedrani o‘zi boshqargan. 2006 yildan umrining so‘nggi kunlariga qadar shu kafedra professori bo‘lib ishlagan. O‘ktam Vahobovaning tashkilotchiligi, g‘ayrati va professional tajribasi ayniqsa, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor va Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori (1966-1981) sifatida ishlagan yillarda yaqqol namoyon bo‘ldi.
Konferensiyaning asosiy ishi shu'ba yig‘ilishlarida davom ettirilib, unda ishemik yurak kasalligi, kardiologik kasalliklarni tasdiqlash va davolashning innovativ texnologiyalari, pulmonologiya, gastroenterologiya, revmatologiya va nefrologiyaning haqiqiy muammolari, davolash va profilaktikasi, COVID-19 pandemiyasida tibbiy yordamning samaradorligini oshirish yo‘llari mavzusida 70 dan ortiq ma'ruzalar eshitildi.
Samarqand davlat tibbiyot institutida o‘tkazilgan mazkur xalqaro konferensiya shubhasiz, respublika va mintaqamizda ichki tibbiyot va terapiya sohasini rivojlantirish, fundamental va klinik fanlar o‘qitilishi sifatini yanada oshirish, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash hamda yurtimiz tibbiyot oliygohlari, ilmiy tekshirish markazlarining xalqaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati Ⓣ
Mavzuga oid
00:05 / 02.04.2022
Samarqand davlat tibbiyot instituti universitetga aylantiriladi
15:30 / 26.03.2022
Samarqand davlat tibbiyot institutining qariyb 1000 nafar o‘qituvchi va shifokorlari donorlik qildi
20:00 / 09.02.2022
SamDTI Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda olis hududlarda muntazam tibbiy ko‘rik tashkil qilmoqda
15:30 / 16.12.2021