O‘zbekiston | 18:08 / 15.02.2024
21022
7 daqiqa o‘qiladi

“O‘zini nazoratchidek tutgan xodimlar ham bo‘ldi” – milliy gvardiyaning maktab ishiga aralashuvi haqida

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimi Azamat Kamolovning aytishicha, aynan davomat masalasida maktab hududiga Milliy gvardiya xodimlarining kirishi mumkin emas, bundan keyin bu vakolat faqat inspektor-psixologlarda bo‘ladi. Ammo ularning ta’lim jarayoniga aralashishi ko‘zda tutilmagan. Mas’ul Kun.uzʼga bergan intervyusida bir hafta ichida inspektor-psixologlarning faoliyati tartibga solinishini, me’yoriy hujjat ishlab chiqilishini ma’lum qildi.

Maktab ta’limida inspektor-psixologlar shtati Milliy gvardiyaga o‘tkazilgach MMTV va Milliy gvardiya vakillari AOKAda matbuot anjumani o‘tkazdi. Anjumandan so‘ng vazirlik boshqarma boshlig‘i Azamat Kamolov Kun.uz muxbirining bir qancha savollariga javob berdi.  

– Huquq-tartibot organlari maktab yoki bog‘cha ta’limiga aralashganini bilamiz, aksariyat hollarda teskari effekt bergan holatlari ham bor. Masalan, o‘tgan yili bog‘chada “oqni oqdan, qorani qoradan ajratib olish kerak”ligi haqida bolalarga “tarbiyaviy soat” o‘tgan xodimlarni bilamiz. 

Ya’ni shuning uchun ham odamlarda bu jarayonga nisbatan ishonch yo‘q. Shu o‘rinda so‘ramoqchiman, Milliy gvardiyaning maktab ta’limidagi vakolati qayerdan boshlanib, qayerda tugaydi? 

– Davomat masalasi inspektor-psixologlar tuzilmasi Milliy gvardiyaga o‘tgach, 10 mingdan ortiq maktablarga xodimlar chiqqan. Ularning hammasi ham malakali xodimlar bo‘lgan deb kafolat berib bo‘lmaydi, chunki ijtimoiy tarmoqlarda buning aksini ko‘rib turibmiz. Ya’ni o‘zi malakaga ega bo‘lmagan, quyi tizimdan chiqqan, deylik, oddiy qo‘riqlash xizmati xodimi ham maktabga borib, o‘zini xuddi maktab nazoratchisiday tutib, o‘qituvchi faoliyatiga aralashib, qo‘pol muomalada bo‘lganlari ham bor, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rdik. 

Shu sababli endi milliy gvardiya tizimida alohida tartib ishlab chiqilyapti, endi maktabga kiradigan Milliy gvardiya xodimining qaysi birida vakolat bo‘ladi, faqat inspektor-psixologlar maktabga kirishga haqli bo‘ladi. Qolgan jalb qilingan xodimlar bundan buyon maktabga kirmaydi va yagona tartib sifatida ular tomonidan me’yoriy hujjat ishlab chiqilib, maktab rahbariyati davomat ko‘rsatish uchun qo‘liga beradi, u borib ota-ona bilan ishlaydi. Ularning chegarasi shu yerda. Milliy gvardiya xodimlari dars jarayoniga kirishga yoki o‘qituvchining nega kech kelayotgani, formada kelmayotgani bo‘yicha so‘roq qilolmaydi. 

O‘zim guvoh bo‘lgan vaziyat ham bo‘ldi, oddiy qo‘riqlash xizmati xodimi maktab bolalarini dars jarayonida turg‘izib qo‘yib forma talab qilayotgan ekan, bu uning vakolati emasligini aytdim. Mana shunday noto‘g‘ri yondashuvlarning oldini olish uchun yagona tartib ishlab chiqilyapti. 

– Nima sabab oldindan bunday holatlar uchrashi va tartib ishlab chiqilishi oldindan inobatga olinmadi? Endi tartib ishlab chiqilgunga qadar Milliy gvardiya vakillari tomonidan kuch ishlatish holatlari uchrasa, qanday chora ko‘riladi? 

– Aytganimdek, maktablarning o‘zida aslida davomat qanday, surunkali dars qoldiruvchi o‘quvchilar bilan ishlashimiz uchun qo‘limizda haqiqiy kartinka bo‘lishi kerak. Jarayonni boshlab olguncha, holatni o‘rganish uchun ikki idora kelishgan holda shunday ishlarni boshladik. Ya’ni o‘sha Milliy gvardiya xodimining yonida o‘zimizning Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimlarimiz ham yuribdi. Vazirlik markaziy apparati, to‘liq boshqarma tarkibiy tuzilmalarimiz har kuni ertalab maktablardagi dars jarayonini ko‘rib, keyin 9 da ish joyimizga boryapmiz. 

Ularning ichida topshiriqning mazmunini to‘g‘ri tushunmay, nazorat qiluvchidek tutgan xodimlar ham bo‘ldi. Faqat Milliy gvardiya xodimlari emas, bizning tizimdagi xodimlarda shunday xatoliklar kuzatildi, shu sababli ikki tizim xodimlariga tushuntiryapmiz. Yaqin bir hafta ichida hujjatlar qabul qilinadi. Kechagi yig‘ilishda ham Milliy gvardiya tizimi rahbariyati xodimlariga darslarga, faoliyatiga aralashmaslik bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi. Bu ishlar raqamlashtirilgan holda amalga oshiriladi endi, oldingidek bittalab familiya bilan davomat olish bo‘lmasligi kerak. 

– Bu jarayonda ta’limga salbiy ta’sir bo‘lib qolmaydimi? 

– Salbiy ta’sir bo‘lmaydi, chunki hech kimning bu jarayonda ta’lim jarayoniga aralashishi ko‘zda tutilmagan. Tan olishimiz kerak, maktablarda xulqida, ruhiyatida yoki ota-onasi xorijda migrant bo‘lib yugan, ma’lum sabab bilan ajrashgan, ya’ni muqim bir qarovchiga ega bo‘lmagan o‘quvchilarimiz ham yo‘q emas. Mana shunday bolalar bilan inspektor-psixologlar individual ishlab, ta’limga yo‘naltirish uchun mutaxassislarga ehtiyojimiz bor. Faqatgina to‘g‘ri ish yuritilishi kerak, shuning uchun ikki idora ham nazorat qilib borishi lozim bo‘ladi. Inspektor-psixologlarning ish yuritishi, nizomi tasdiqlangan. O‘tkazilgan davomatlar davomat-reyd tadbirlaridek bo‘ldi, bu doimiy xarakterga ega emas. 

– Oxirgi savolim, bolalarni maktab ta’limiga jalb etishda to‘sqinlik qilgani uchun javobgarlik belgilangan. Bola va o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan obektiv sabablar qanday aniqlanadi, bu vaziyatda qanday yo‘l tutiladi? 

– Tarmoqlarda tarqalgan ogohlantirish blankasidan so‘ng, ko‘plab ota-onalarda qo‘rquv va tushunmovchiliklar paydo bo‘lgan. Nimaga bu ogohlantirish hammaga bir xilda berilyapti, bolam bir kun sababli bo‘lib maktabdan qolsa ham chora ko‘riladimi, deb so‘raganlar ham bo‘ldi. MJTKning 47-moddasida bir necha kun kelmagan yoki kechikkan o‘quvchilarning ota-onasiga chora ko‘rish ko‘zda tutilmagan. U yerda farzandi aniq ma’muriy huquqbuzarlik sodir qilib, maktab ichki-tartib qoidalarini qo‘pol ravishda buzishi mumkinmi, ichki-tartib qoidalarini buzish deb hisoblash ham 3 kundan ortiq surunkali va sababsiz dars qoldirib, ota-ona shunga yo‘l qo‘yib, ta’lim olishga to‘sqinlik qilsa, shunda ularga chora ko‘riladi. Kechikib kelish kabilar umuman chora ko‘rishga asos bo‘lolmaydi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi Abduqodir To‘lqinov,
Montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid