17:26 / 03.01.2021
27465
Toshkent aeroportida ekspress test o‘tkazish bilan «SES» sobiq direktoriga aloqador firma shug‘ullanmoqda

25 dekabrdan boshlab O‘zbekistonga koronavirus hamda uning yangi shtammi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida xorijdan keluvchi barcha shaxslar o‘z hisobidan chegara punkti hududida koronavirusga ekspress test olish tartibi joriy qilindi.

Toshkent xalqaro aeroportining «Tibbiyot dunyosi» MChJ bilan imzolagan shartnomasiga ko‘ra, test tahlillarini olish vakolati ushbu korxonaga berilgan va yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya direktori o‘rinbosari esa jamoatchilikka tanish Bahrom Almatov hisoblanadi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Bahrom Ibragimovich Almatov 2020 yilning 18 aprelida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

jBjCQQ7CLKJhsAPPehSQvizit-yr2-HM.jpg (1024×663)
Bahrom Almatov

Bahrom Almatov 2019 yilning sentyabrida SSV huzurida tashkil etilgan Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi direktori – O‘zbekistonning Bosh davlat sanitariya vrachi etib tayinlangan edi. 2020 yil aprelida esa u agentlik direktorining o‘rinbosari lavozimini egallagandi. Ushbu agentlik tashkil etilganidan bir yil o‘tib tugatilgan.

Kun.uz muxbiri bilan 2020 yil 31 dekabr kuni suhbatlashgan Bahrom Almatov o‘zini «Tibbiyot dunyosi» MChJ direktori o‘rinbosari sifatida tanishtirdi.

Qayd etish lozim, O‘zbekistonga kirib kelayotgan yo‘lovchilarda PZR testining manfiy natijasi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma mavjudligidan qat'i nazar, ulardan ekspress test topshirish talab etilmoqda.

«Tibbiyot dunyosi» MChJ direktor o‘rinbosari Bahrom Almatov aeroportga kelgan yo‘lovchilar ekspress test topshirishi uchun 150 ming so‘m narx belgilangani, 28 dekabrdan bu narx 95 ming so‘mga tushirilgani, talabalar esa 50 ming evaziga test topshirishlari mumkinligini ma'lum qilgandi.

Ammo ushbu xizmatni ko‘rsatishdan maqsad tadbirkor uchun daromad topishmi yo bu ijtimoiy mas'uliyat yuzasidan ko‘rsatiladigan xizmatlardan birimi?

Hukumat shu paytgacha aeroportdan kirib keluvchi yo‘lovchilardan PZR manfiy test natijasini talab qilishi barobarida nega AG ekspress test olinayotganini asoslantirib, izohlamagan. Shuningdek, ushbu xizmatni ko‘rsatish uchun qaysi firmalar, qanday talablar asosida tanlab olingani noma'lum.

Ma'lumot uchun, «Tibbiyot dunyosi» MChJ ustav fondidagi ulushlar teng miqdorda Aslam Bo‘riyev, Feruza Bo‘riyeva, Sayyora Bo‘riyeva va Farida Bo‘riyevaga tegishli.

2018 yili kompaniya ta'sischisi Aslam Bo‘riyevga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. U yirik miqdorda firibgarlik qilganlikda gumon qilingan va jinoiy ish ochilishiga hindistonlik tadbirkor Prem Nazir asos solgan hamda Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan «Profil Trading Pte.Ltd» kompaniyasi bilan imzolangan shartnoma bajarilmaganiga doir vajlar asos bo‘lgandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top