09:10 / 14.12.2019
23
45842

Mehnat vaziri: O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilgandan keyin patent to‘lovi bekor bo‘ladi

Nozim Husanov/Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Senatning yigirma beshinchi yalpi majlisi arafasida Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasida o‘tkazilgan yig‘ilishda senatorlar O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilgan taqdirda mehnat migrantlarining Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat qilgani uchun undiriladigan patent to‘lovining bekor bo‘lish yo bo‘lmasligi bilan qiziqishdi.

Qo‘mita yig‘ilishida Xalqaro mehnat tashkilotining Ish bilan ta'minlash sohasidagi siyosat to‘g‘risidagi konvensiyasi ijro etilishi yuzasidan axborot bergan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilgan taqdirda patent to‘lovi bekor bo‘lishini ma'lum qildi.

«O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilgandan keyin patent to‘lovi bekor bo‘ladi. Ittifoqqa a'zo davlatlarning fuqarolari teng huquqli bo‘lib qoladi», deya Nozim Husanovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq senator Odiljon Iminovning Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo bo‘lsa, o‘zbekistonlik migrantlar hayoti qulaylashishi, mehnat muhojirlariga bo‘lgan munosabatda ijobiy o‘zgarishlar paydo bo‘lishini aytgan edi. Ayrim ekspertlar YeOIIga kirish uchun migrantlar bahona bo‘layotganini ta'kidlaydi. Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi masalalarida birinchi navbatda milliy manfaatlarga tayanishini ma'lum qilgan edi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top