08:30 / 15.02.2020
22
115954

«Paxta ishi»: Bir viloyatning o‘zida xirmonning chorak qismi qo‘shib yozilgani ma'lum bo‘lib qoldi

2019 yilda respublika bo‘ylab qariyb 143 ming tonna paxta qo‘shib yozilgan. Shundan 120,6 ming tonnasi paxta ishlab chiqarishlari va klasterlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Surxondaryo viloyatida esa «rasman yetishtirilgan» deb ko‘rsatilgan paxta hosilining 26,5 foizi faqatgina qog‘ozlarda mavjud bo‘lgan.

Foto: REUTERS/Stringer/Files

O‘zbekistonda «paxta ishi» va qo‘shib yozishlar hamon davom etmoqda. Xususan, Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan ma'lumot, respublikaning Surxondaryo, Farg‘ona, Toshkent, Jizzax, Namangan va Andijon viloyatlarida «Paxta-2019» mavsumida yirik miqdorda ko‘zbo‘yamachiliklar bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, Surxondaryo viloyatidagi 7ta mas'uliyati cheklangan jamiyatlarda umuman qabul qilinmagan 22,3 ming tonna oq-oltin «qabul qilingani» haqida hisobot berilgan.

Kun.uz tahririyati ixtiyoriga Davlat statistika qo‘mitasiga yo‘llangan xat nusxasi kelib tushdi. Unda O‘zbekistonda 2019 yilgi paxta hosili yig‘im-terim mavsumiga doir hisobotida qo‘shib yozishlarga yo‘l qo‘yilgani haqida so‘z boradi.

Jumladan, xatda shunday deyiladi:

«...37ta paxta tozalash korxonalari, 76ta paxta to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari hamda 7ta mas'uliyati cheklangan jamiyatda 2019 yil hosilidan qabul qilingan paxta xomashyosi statistik hisobotlar va mavjud hujjatlarga muvofiqligi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Nazorat tadbirlarida paxta tozalash korxonalari hamda paxta to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlarining statistik hisobotlarida 2019 yil 1 dekabr holatiga qabul qilingan paxta xomashyosining miqdori 2 mln 830,3 ming tonnani gashkil etgan yoki Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 dekabrdagi «2019 yilda navlari bo‘yicha joylashtirgan va paxta xomashyosi yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida»gi 1037-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2 mln 958 ming tonna prognoz hajmlariga nisbatan 95,7 foizga bajarilgan. Shundan paxta tozalash korxonalariga 775 ming tonna, paxta to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlariga 2 mln 33 ming tonna hamda mas'uliyati cheklangan jamiyatlarga 22,3 ming tonna to‘g‘ri kelgan.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida haqiqatda qabul qilingan paxta xomashyosinnig miqdori 2 mln 697,1 ming tonnani tashkil etgan bo‘lib, shundan paxta tozalash korxonalariga 775 ming tonna hamda paxta to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlariga 1 mln 922,2 ming tonna to‘g‘ri keldi.

Paxta to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari hamda mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan qabul qilingan paxta xomashyosi miqdorining statistik hisobotlarida qabul qilingan paxta xomashyosiga nisbatan 142,9 ming tonnaga (4,5 foiz) ko‘p qo‘shib ko‘rsatilib kelingan. Shundan 120,6 ming tonnasi paxta ishlab chiqarishlari va klasterlari tomonidan ko‘rsatilgan bo‘lsa, 22,3 ming tonna umuman paxta xomashyosi qabul qilmagan Surxondaryo viloyatidagi 7ta mas'uliyati cheklangan jamiyatlariga to‘g‘ri keladi.

Hududlar (viloyatlar) kesimida tahlil qilinganda: Surxondaryoda 71,9 ming tonna (26,5 foiz), Farg‘onada 37 ming tonna (15,5), Toshkentda 22,9 ming tonna (10,4). Jizzaxda 7,7 ming tonna (3,7), Namanganda 2,6 ming tonna (1,3), Andijonda 0,821 ming tonna (0,3) paxta xomashyosi haqiqatda qabul qilinganga nisbatan ko‘p ko‘rsatilgan.

Surxondaryo viloyatida:

-        «Chinoz textile» MChJ 11,1 ming tonna;
-        «Asg-angor paxta tozalash» MChJ 7,4 ming tonna;
-        «Surxondaryo Agroxizmat» MChJ 9,3 ming tonna;
-        «Shashmoxkashob» ASF 7,5 ming tonna;
-        «Termiz jayxun cluster» MChJ 3,4 ming tonna;
-        «Surxon sifat textil» MChJ 1,1 ming tonna. 

Farg‘ona viloyatida:
-        «Global textile solutions» MChJ 6,7 ming tonna;
-        «Bulut textile» MChJ 6,6 ming tonna;
-        «Fergana-oseana» MChJ 6,4 ming tonna;
-        «Baxodir log'on tekstil» MChJ 5,2 ming tonna;
-        «Expo Kollor Prin Teks» MChJ 4,8 ming tonna;
-        «Fergana spinning» MChJ QK 4,4 ming tonna;
-        «Real Trans Logistics» MChJ 2,9 ming tonna.

Toshkent viloyatida:

-        «Maxim Gold Tex» MChJ 7,9 ming tonna;
-        «Nature Cotton» MChJ 7,9 ming tonna;
-        «Abc Oqqorgon Agro Classter» MChJ 7,1 ming tonna.

Jizzax viloyatida:

-        «Jizzax Industrial to‘qima» MChJ 5,2 ming tonna;
-        «Jizzax kenteks» MChJ 2,5 ming tonna qo‘shib yozilgan.

Surxondaryodagi 7ta mas'uliyati cheklangan jamiyatlarda umuman paxta qabul qilinmagan bo‘lsa-da:

-        «Bandixon Zarafshon agrofirma» MChJ 6,9 ming tonna;
-        «Muzrabot gallakori agrofirma» MChJ 4,4 ming tonna;
-        «Oq toshobodlik gallakor agrofirma» 3,5 ming tonna;
-        «Sariosiyo meva sabzavot» MChJ 1,9 ming tonna;
-        «Surxon eksport» MChJ 4,1 ming tonna;
-        «Uz trade agro» MChJ 0,7 ming tonna;
-        «Surxon gold fresh» agrofirmasi MChJ 1,4 ming tonna qabul qilgani haqida hisobot taqdim etgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, statistika hisobotlariga mavjud boshlang‘ich hujjatlarga asosan ortiqcha paxta xomashyosini ko‘rsatgan paxta to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari, mas'uliyati cheklangan jamiyatlari mansabdor shaxslariga nisbatan choralar ko‘rish va statistika hisobotlaridan chiqarish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rishingizni va natijasi yuzasidan 15 kun muddat ichida axborot berishingizni so‘raymiz», - deyiladi rasmiy xatda.

Ushbu xat moliya vaziri o‘rinbosari Yorqin Tursunov imzosi bilan Davlat statistika qo‘mitasiga yuborilgan. Kun.uz muxbiri mazkur ma'lumotlar qanchalik haqiqatga mosligini aniqlash maqsadida Davlat statistika qo‘mitasi bilan bog‘landi. Qo‘mita vakili haqiqatdan ham ushbu xatlar idoraga kelib tushganini tasdiqladi.

Shu o‘rinda, e'tiboringizni xatda qayd etilgan 2ta raqamga qaratish orqali ularning iqtisodiy zarar ko‘lamini tasavvur qilishga harakat qilib ko‘ramiz.

Respublika bo‘yicha jami 142,9 ming tonna paxta qo‘shib yozilgani aniqlangan. Takrorlaymiz, bu hali qayd etilgani. Paxta punktlarida «issig‘ida sodir bo‘lgan» yong‘inlar bois qog‘ozda «yonib ketgan» paxta hosilini bilmaymiz.

Xullas, tahririyatda mavjud ma'lumotlarga ishonadigan bo‘lsak, 142,9 ming tonna – 142 900 000 kg yo‘q paxtani davlat xarid qilgan bo‘lib chiqmoqda. Ushbu terilmagan paxta uchun ish haqi, yo‘l-transport va yoqilg‘i-moylash xarajatlari ham amalga oshirilgandir, ehtimol.

Yuqoridagi kilogramni paxta terimchilariga to‘langan ish haqining o‘rtacha miqdoriga ko‘paytirsak, haqiqatda terilmagan paxta uchun to‘langan mablag‘ ko‘lami kelib chiqadi. Biz terilgan 1 kg paxta uchun o‘rtacha ish haqini 1000 so‘m deb oldik:

142 900 000 * 1000 so‘m = 142 900 000 000 (142 mlrd 900 mln) so‘m terilmagan paxtaga haq to‘langan.

Ma'lumki, 2019 yilda 1 tonna paxtaning davlat xaridi narxi qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan birga 4 mln 300 ming (1 kg – 4300) so‘m etib belgilangan.

Shundan kelib chiqib hisoblanganda 142 900 000 * 4 300 so‘m = 614 470 000 000 (614 mlrd 470 mln) so‘m terilmagan paxtaning davlat xaridiga ajratilgan bo‘lib chiqadi.

Ikkita holatdagi jami summa 757 370 000 000 (757 mlrd 370 mln) so‘mni tashkil etmoqda. 

Davlat rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan shaffoflik, paxta hosilini yig‘ib olish va qo‘shib yozish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha nazorat kuchaytirilishining Hukumat qarorida ta'kidlanishi, onlayn elektron tarozilar o‘rnatilgani haqida bong urilganiga qaramay, «qo‘shilgan» paxta hosilining ko‘lami kishini hayratga solmay qo‘ymaydi.

Tolib Rahmatov
Dilshod Abduqodirov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top