11:00 / 25.05.2020
42378

Vazir maktab bitiruvchilariga murojaat qildi

O‘zbekiston Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali maktabni bitirayotgan yoshlarga murojaat yo‘lladi. Vazir bu yilgi bitiruvchilarga samimiy bayram tabrigini yo‘lladi va muvaffaqiyatga erishish uchun o‘z tavsiyalarni berdi.

Hurmatli maktab bitiruvchilari!

Siz hayotingizda eng muhim qadamlarni boshlash arafasidasiz. Shu vaqtgacha qadrdon maktabdagi ustozlaringiz va do‘stlaringiz bilan o‘tkazgan kundalik turmush tarzingiz o‘rniga yangi hayot, ajoyib taassurotlar va tajribalar olamiga safaringiz boshlanmoqda.

Hozirda ko‘pchiligingiz asosiy vaqtingizni oliy ta'lim muassasalariga kirish uchun tayyorgarlikka qaratmoqdasiz. Sizlar uchun yaqinda «Onlayn maktab» kanallarimizda Davlat test markazi bilan hamkorlikda test topshirishga tayyorgarlik va o‘ziga xos onlayn repetitorlik saboqlarini boshlaymiz.

Orangizda ishga kirib yoki tadbirkorlik faoliyatini boshlab, ro‘zg‘orga o‘z hissasini qo‘shish harakatida yurganlar ham talaygina. Ular qo‘shimcha kasb o‘rganish uchun kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarga o‘qishga ham borishi mumkin.

Yoshlarimizga qo‘shimcha yordam sifatida yozda «Onlayn maktab» kanallarida ingliz tilini o‘rganish uchun qiziqarli filmlar va ko‘rsatuvlarni hamda onlayn platformalar orqali daromad topishni o‘rgatishga qaratilgan videodarslarni efirga berib borish ustida ishlayapmiz.

Inson muvaffaqiyatining ko‘pi bilan 10 foizi omadga va tashqi omillarga, qolgan 90 foizi esa aynan o‘ziga bog‘liq ekanligi uchun yuqori maqsadlar qo‘yib, o‘z kuchingizga ishonib, tinmay harakat qilishingiz zarur!

Eng asosiysi, vaqtingizni behuda o‘tkazmang! Vaqt hayotingizdagi eng qimmatbaho resurs hisoblanadi. Vaqtingizni doim o‘zingiz, oilangiz va jamiyatga foyda keltirish uchun sarf qiling hamda mamlakatimiz nufuzini oshirishga o‘z hissangizni qo‘shing!

Mustaqil hayotga qadam qo‘yishni boshlar ekansiz, sizning kelgusi faoliyatingizga muvaffaqiyatlar tilayman!

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanishning ilk holati tasdiqlangach, 15 mart kunidan barcha ta'lim muassasalari yopildi. Karantin vaqtida maktab o‘quvchilari uchun telekanallar orqali videodarslar efirga uzatilmoqda.

Maktablarda 25 may kuni 2019/2020-o‘quv yili yakunlanadi. O‘quv yili yakunida o‘tkazilishi lozim bo‘lgan yakuniy imtihonlar bekor qilingan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top