19:24 / 21.07.2018
10702

Surxondaryo viloyati hokimligi tashabbuskor tadbirkorlarni qo‘llab quvvatlaydi

Surxondaryo viloyati hokimligida tadbirkor va fermerlarning muammo va takliflarini o‘rganishga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi Bahodir Po‘latov, nazorat qiluvchi organlar, sohaga aloqador korxona va tashkilotlar rahbarlari, tadbirkor va fermerlar ishtirok etdi.

Muloqot avvalida mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va ishbilarmonlarning erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun yaratilgan imkoniyatlar, davlat tomonidan berilgan kafolatlar, soha xodimlarining yurt taraqqiyoti, aholi farovonligini yuksaltirishdagi munosib hissasi haqida so‘z yuritildi. Shunga qaramay, ayrim holatlarda tadbirkorlar bilan ishlash, ularning masalasini o‘z vaqtida hal etish yoki so‘roviga javob berish borasida sansalorlik, e'tiborsizlikka yo‘l qo‘yilayotganligi ta'kidlandi.

Jonli va ochiq ruhda o‘tgan muloqotda tadbirkor va fermerlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, tashvishga solayotgan muammolari yuzasidan viloyat hokimiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qildilar. Ularning muammosi yoki so‘rovi nima sababdan ijobiy hal etilmayotganiga mutasaddilardan izoh so‘raldi.

Muloqot davomida ko‘tarilgan muammo va takliflarning asosiy qismi shu yerda hal etildi. Yechimi ma'lum vaqt talab etadigan murojaatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlar rahbarlariga ko‘rsatmalar berildi, ijrosi nazoratga olindi.

Surxondaryo viloyati hokimi Bahodir Po‘latov

Viloyat hokimi uchrashuv yakunida ham o‘zi, ham davlat manfaati uchun yangi g‘oya va tashabbus bilan chiqayotgan ishbilarmonga ko‘mak berish, uni qo‘llab-quvvatlash har bir rahbar va mutasaddining bugungi kundagi eng muhim vazifasi bo‘lmog‘i ekanini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Tadbirkorlik va fermerlik faoliyati bilan bog‘liq barcha muammolar bo‘yicha Surxondaryo viloyati hokimi Bahodir Po‘latov bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish istagida bo‘lganlar uchun telegram aloqa:

TeLeGRAM ALOQA:  Bahodir Po‘latov (@surxondaryohokim)

Top