08:44 / 13.11.2018
25721

O‘zbekiston o‘z kosmik dasturini ishlab chiqqani ma'lum bo‘ldi

O‘zbekiston o‘z kosmik dasturini ishlab chiqdi va bu sohada xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirmoqda, deya ma'lum qildi O‘zbekistonning RFdagi elchisi Botirjon Asadov. Bu haqda «Interfaks» xabar bermoqda.

Foto: Andrey KOPALOV

«Dastur mavjud. Hukumat juda tizimli yondashdi, xalqaro tajribani o‘rgandi, har bir narsani batafsil tasvirlab beradigan dastur ishlab chiqdi. Endi xalqaro hamkorlikni, shu jumladan, Rossiya Federatsiyasi bilan kengaytirmoqdamiz», - dedi u dushanba kuni Novosibirskda jurnalistlarga.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda, birgalikda ilmiy-tadqiqot markazlarini rivojlantiryapti.

2018 yil aprel oyida «Roskosmos» davlat korporatsiyasi kosmik chiqindini monitoring qilish va yerni masofadan turib zondlash sohasida hamkorlikni, shuningdek, sun'iy yo‘ldoshlar ishlab chiqishda qo‘shma loyihalarni O‘zbekistonga taklif etayotgani haqida xabar berilgandi.

«Biz Maydanak observatoriyasida kosmik chiqindini kuzatish bo‘yicha uskunalar o‘rnatishga juda qiziqmoqdamiz», - dedi korporatsiyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Anatoliy Krasnikov Expo-Russia Uzbekistan 2018 sanoat ko‘rgazmasida.

Shuningdek, Krasnikov «Roskosmos» O‘zbekiston uchun sun'iy yo‘ldoshlar yaratishda yordam ko‘rsatishga ham tayyorligini ta'kidladi. «Biz O‘zbekistonning birinchi sun'iy yo‘ldoshini uchirish masalasini muhokama qildik, variantlarimizni taklif qildik, umid qilamanki, bu yo‘nalishda oldinga harakatlanishda davom etamiz. O‘zbekistonga sun'iy yo‘ldoshlarni qurish bo‘yicha juda ko‘p takliflarimiz bor. Ularni O‘zbekiston Innovatsiyalar vazirligiga yuborganmiz, mahalliylashtirish masalalarini muhokama qilishga tayyormiz», - dedi «Roskosmos» vakili.

Mavzuga oid
Top