O‘zbekiston | 12:18
2410
3 daqiqa o‘qiladi

«Bobomiz aniqlagan yulduzlardan xabar olib keladi». Prezident o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish haqida

O‘zbekiston tarixida ilk bor sun’iy yo‘ldosh va fuqaroligi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlar boshlangan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston tarixida ilk bor sun’iy yo‘ldosh va fuqaroligi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlar boshlandi, deya ma’lum qildi prezident 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasida.

«Bugun sizlarga yana bir muhim yangilikni aytmoqchiman. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sun’iy yo‘ldosh va mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlarni boshladik.

Bobomiz aniqlagan yulduzlardan xabar olib keladi, O‘zbekiston kosmonavti.

Bu Yangi O‘zbekistonning ilmiy va texnologik rivojlanishiga, umuman, milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga olib chiqishga katta turtki beradi deb ishonaman»,  dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev 2030 yilga borib, IT xizmatlar eksportini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha katta marra olinganini qo‘shimcha qildi. Shu maqsadda kelgusi yil Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatida 4 ta data-markaz tashkil etish, 2 ta superkompyuterni ishga tushirish hamda 15 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgani aytildi.

Qayd etilishicha, mazkur infratuzilma tibbiyot, transport, qishloq xo‘jaligi, geologiya, bank-moliya va jamoat xavfsizligi kabi muhim yo‘nalishlarda 100 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, prezident mamlakatda minglab iqtidorli yoshlar IT va sun’iy intellekt bo‘yicha izlanish olib borayotganini ta’kidlab, ularning kvant texnologiyalari, dronlar va robototexnika yo‘nalishlaridagi konstruktorlik loyihalarini amaliyotga tatbiq qilish uchun «Raqamli texnologiyalar markazi» tashkil etilishini ma’lum qildi.

Davlat rahbari bu kabi tashabbuslar orqali O‘zbekistonning ilmiy-texnologik salohiyati yanada mustahkamlanishi, yuqori texnologiyali iqtisodiyotga o‘tish sur’ati tezlashishi hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi oshishiga ishonch bildirdi.

Mavzuga oid