17:10 / 25.11.2019
5
15643

So‘rovnoma: yoshlarning davlat tili va yozuv islohotiga munosabati qanday?

Foto: Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadi. Xo‘sh, ularning zamonaviy o‘zbek tili masalalariga munosabat qanday? Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kiritilishi masalasiga ular qanaqa qarashmoqda?

BMTning O‘zbekistondagi global loyihasi, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazuvchi onlayn platforma – U-report`da o‘zbek tiliga oid ayrim masalalarga yoshlarning munosabatini bilish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazildi.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan so‘rovnomada butun mamlakat bo‘ylab 5700dan ortiq respondent ishtirok etdi.

1. So‘rov natijalari shuni ko‘rsatadiki, erkaklar ayollarga qaraganda o‘zbek tili masalalariga konservativ yondashar ekan. Masalan, erkaklarning deyarli 50 foizi joy nomlari va reklamalar o‘zbek tilida emasligini salbiy qabul qilishsa, ayollar orasida bu ko‘rsatkich 31 foizni tashkil etadi.

2. So‘rovda qatnashganlarning 68 foizi o‘zbek tilini ona tili, 23 foizi davlat tili sifatida qabul qilishini bildirgan.

«O‘zbek tili – men bilmaydigan til» varianti bo‘yicha raqamlarda 14 va undan kichik yoshdagilar guruhi yetakchilik qilyapti (6 foiz). Shuningdek, ayni shu yosh guruhi «bu – turkiy tillaridan biri» variantida ham yetakchilik qilmoqda (4 foiz).

3. Respondentlarning 41 foizi o‘zbek tilini bilishini «yaxshi», 34 foizi «a'lo» deb baholagan. 14-25 yoshdagi respondentlarning faqat 1/3 qismi o‘zbek tilini «a'lo» darajada bilishini aytgan.

Erkaklar ayollarga nisbatan o‘zbek tilini bilishda o‘ziga ko‘proq ishonadi: erkaklarning 43 foizi bu ko‘nikmasini «yaxshi» va 35 foizi «a'lo» deb baholashgan bo‘lsa, ayollarda bu ko‘rsatkich mos ravishda 38 va 32 foizni tashkil qildi.

4. Respondentlarning 36 foizi «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun bilan tanish emasligini aytishgan. 24 foiz qatnashchi shunday qonun borligini biladi xolos. 8 foizi uni hech qachon o‘qimagan.

35 yosh va undan katta yoshdagi respondentlar boshqa yosh toifalariga nisbatan ushbu qonun matnini yetarli darajada bilishmaydi – ularning 28 foizi uning faqat mavjudligini va 12 foizi uni hech qachon o‘qimaganliklarini aytishdi.

5. Respondentlarning ko‘pchiligi (74 foiz) lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kiritishga (ayrim harflarning yangi ko‘rinishda kiritilishi) salbiy munosabat bildirishgan.

36 foiz ishtirokchi yozuv islohotini kerak emas deb hisoblaydi, 24 foizi bunga salbiy munosabatda, 14 foizning fikricha esa bu ortiqcha sarf-xarajat qiladi.

O‘g‘il bolalarga (20 foiz) qaraganda qizlar (12 foiz) o‘zbek lotin alifbosiga o‘zgartirish kiritishga qarshi va bunga ehtiyoj yo‘q deb o‘ylashadi.

6. So‘rovnoma ishtirokchilarining 1/3 qismi boshqa har qanday tilga davlat tili maqomini berish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda. Respondentlarning deyarli yarmi (47 foiz) esa bu fikrga qarshi. 12 foiz ishtirokchi bunga neytral qaraydi.

Bu savolga ayollar erkinroq qarashadi – ayollarning 40 foizi O‘zbekistonda ikkinchi davlat tilini joriy etishga «Ha» degan bo‘lsa, erkaklarning 31 foizi bu g‘oyaga rozi.

Yoshlar ulg‘aygani sayin ikkinchi davlat tilining joriy qilinishiga nisbatan fikri salbiylasha boradi. Masalan, 15-19 yoshdagilarning 37 foizi bunga qarshi, ammo 31-34 yoshlilar guruhida bu ko‘rsatkich 56 foizni tashkil etadi.

7. Respondentlarning 42 foizi ko‘plab joy nomlari va atrofdagi reklama o‘zbek tilida bo‘lmaganligiga salbiy munosabat bildirishdi (shundan 11 foizi buni davlat tili to‘g‘risidagi qonunni buzish deb hisoblaydi).

Yosh guruhlari orasida 25-34 yoshdagi respondentlar bu masalani – aksariyat muassasalar nomi va reklamalarning o‘zbek tilida emasligini eng ko‘p salbiy qabul qilishini aytib o‘tgan.

8. So‘rovnoma qatnashchilarining 19 foizi O‘zbekistonda o‘zbek tilini bilmasdan yashash va ishlash mumkin emas yoki qiyin deb hisoblashadi.

Ishtirokchilarning 48 foizi, garchi bu qiyin bo‘lsa-da, o‘zbek tilini bilmasdan ham O‘zbekistonda yashash va ishlash mumkin, deb hisoblashar ekan.

Mavzu
Lotin va kirill imlosi

O‘zbekiston lotin alifbosida qolgani yaxshimi yoki kirill alifbosiga qaytish kerakmi? Ayni vaqtda o‘zbekistonliklar shu mavzuni keng muhokama qilmoqda.

Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top