10:22 / 21.03.2020
49618

O‘zbekistonda mehmonxona biznesi inqiroz yoqasida. Soha vakillari davlat ko‘magidan umid qilishmoqda

Koronavirus butun dunyoda insonlar hayoti va sog‘ligiga raxna solish bilan bir qatorda iqtisodiyotning turli sohalariga katta salbiy ko‘rsatmoqda. Bu holatdan eng katta zarar ko‘rayotgan sohalardan biri bu shubhasiz – mehmonxona biznesidir.

Koronavirus tufayli O‘zbekistondagi mehmonxonalar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Har oy to‘lanadigan million-million so‘mlik soliqlar, kredit to‘lovlari, oylik to‘lanmaydigan ta'tilga chiqarilayotgan xodimlar, kommunal to‘lovlari tufayli mamlakatda mehmonxona biznesi kelajagi so‘roq ostida turibdi.

19 mart kuni «Koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida» prezident farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan pandemiya natijasida yo‘qotishlarni boshdan kechirayotgan sub'yektlarga qator soliq imtiyozlari berilishi ko‘zda tutilgan.

Biroq O‘zbekistondagi mehmonxona biznesi vakillarining ma'lum qilinishicha, turizm sub'yektlari boshdan kechirishi kutilayotgan inqirozlarni yengib o‘tishda farmon bilan belgilangan choralar deyarli foyda bermaydi.

Xo‘sh, mamlakatimizdagi mehmonxona biznesini qutqarib qolish uchun nimalar qilish kerak? Kun.uz soha vakillarining bu boradagi takliflari bilan qiziqdi.

30dan ortiq mehmonxonaning loyihalash va yo‘lga qo‘yilishi ishtirokchisi, Hotel Pro Consulting asoschisi Dilshod Odilovning aytishicha, mehmonxonalarni 31 oktyabrgacha barcha soliqlardan ozod qilish, shu bilan birga, ayni paytda 5-10 nafar mijozga xizmat ko‘rsatayotgan mehmonxonalarni daromadga nisbatan xarajati ko‘p ishdan qutqarish uchun Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida navbatchi mehmonxonalar tashkil qilish kerak. Shunda ularni inqirozdan saqlab qolish mumkin.

Dilshod Odilov va Zokir G‘afurov

«Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida 16 martdan O‘zbekiston barcha aviaqatnovlarni to‘xtatgan, O‘zbekiston fuqarolarining chet davlatlarga chiqishi, chet davlat fuqarolarining mamlakatimizga kirishi taqiqlangan. Mehmonxona biznesi insonlarning davlatdan davlatga ko‘chib yurishiga bog‘liq, shuning uchun ham u boshqa sohalarga nisbatan pandemiyadan ko‘proq zarar ko‘rmoqda.

Bugunga kelib ayrim mehmonxonalar allaqachon faoliyatini to‘xtatgan, sanoqli mehmonxonalar esa sanoqli mehmonlar uchungina ishlab turibdi. Ko‘pchilik mehmonxonalar xodimlarini o‘z hisobidan ta'tilga chiqarishgan. Ayni sharoitda O‘zbekistonda mehmonxona biznesi batamom kasodga uchrash arafasida. Bunday bo‘lmasligi uchun esa ular davlatning ko‘magiga har qachongidan ko‘ra muhtojroq bo‘lib turishibdi.

Sohani asrab qolishning imkoni bormi? Albatta, bor. Bu borada Hotel Pro Consulting bir qator takliflarni ishlab chiqdi. Shulardan biri mehmonxonalarni 31 oktyabrgacha bo‘lgan muddatda soliqlardan ozod qilish hisoblanadi. Mehmonxonalarning soliq yuki asosan mulk solig‘i hisobiga katta chiqadi. 100-120 xonali mehmonxonalar 100-130 millionlab mulk solig‘i to‘lashadi. Ushbu qiyin vaziyatda, daromad ko‘rmayotgan holatda bunday katta hajmda soliq to‘lab borish mehmonxona biznesini tamoman izdan chiqaradi», deydi Dilshod Odilov.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, mehmonxonalar mehmon qabul qilish imkoniyatidan 30-40 foizidan kam ko‘rsatkich bilan ishlasa, ya'ni 100 nafar mehmon qabul qilishga ixtisoslashgan holda 30 nafardan kam odamga xizmat ko‘rsatsa, zararga ishlaydi, qilinadigan sarf-xarajatlarni qoplamaydi.

Le Grande Plaza mehmonxonasi rahbari Zokir G‘afurov mehmonxonalar malakali xodimlarini noma'lum muddatga haq to‘lanmaydigan mehnat ta'tiliga yuborishga majbur bo‘layotganiga e'tibor qaratdi.

«Ayni paytda O‘zbekistondagi mehmonxonalar bundan ham yomon ahvolda ishlab turibdi, buning oqibatida birin-ketin yopilishmoqda. Bizning mehmonxonamiz ham 20 mart kunidan yopilmoqda. Yuzaga kelgan murakkab vaziyatdan chiqib ketish maqsadida xodimlarimizni o‘zlarining hisobidan ta'tilga jo‘natdik. 140 nafar xodimimizdan atigi 20 nafari ishda qoldi, chunki mehmon qabul qilmaganimiz bilan mehmonxonada uzluksiz qilinishi kerak bo‘lgan talay ishlar bor. Ular shunday ishlarni bajarishadi.

Ishchilarimizni haq to‘lanmaydigan ta'tilga chiqarish ortidan malakali xodimlarimizni yo‘qotishimiz mumkin. Tabiiyki, ular oilasini boqish uchun boshqa joydan ish topishga harakat qilishadi. Biz bugun noilojlikdan bo‘shatib yuborgan xodimlarimiz o‘zimizga ishga qaytib kelmasliklari ehtimoli yuqori.

Qanchadir vaqtdan keyin karantin tugaganda, yangi xodimlarni ishga olib, ularni jahon standartlari darajasida xizmat ko‘rsata oladigan mutaxassis qilib tayyorlash oson emas. Bu borib-borib faoliyatimizga, xizmatlarimiz sifatiga ham ta'sir qilishi mumkin», deydi Zokir G‘afurov.

Grand Mir Hotel mehmonxonasi bosh direktori Shavkat G‘iyosov mamlakatda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor, mamlakatga ko‘proq sayyohlarni jalb qilish va ularga munosib sharoitlar yaratish borasidagi sa'y-harakatlardan ruhlanib, o‘zi rahbarlik qilayotgan mehmonxonani kapital ta'mirlash va jahon standartlariga javob beradigan maskanga aylantirish uchun bankdan 30 mlrd so‘m atrofida kredit olgan. Koronavirus epidemiyasi ortidan mehmonxonaning barcha rejalari barbod bo‘lib, katta miqdordagi kredit to‘lovlari dard ustiga chipqon bo‘lib turibdi.

Shavkat G‘iyosov va Mirvohid Sadirov

«Albatta, rejalarimizda jahonda mana shunday epidemiya tarqalishi, uning pandemiya darajasiga chiqishi umuman ko‘zda tutilmagan edi. Buning ortidan juda murakkab ahvolga tushib qoldik. Hukumatimizdan so‘rardimki, mehmonxonalar sohasini rivojlantirayotgan tashkilotlarga kredit to‘lovlarini to‘xtatish kerak, faqat asosiy qarzinimas, foizlariniyam ma'lum muddatga muzlatib qo‘yishni iltimos qilardim. Hozir bank bilan muzokara olib boryapmiz. Ular aytyaptiki, mayli, hozir daromadingiz bo‘lmaydi, asosiy qarz va foizlarni olishni to‘xtatamiz-da, uzoqroq muddatga ko‘chiramiz.

Lekin buyam yordam bermaydi. Chunki foizlar yig‘ilib yotibdi, chet eldan oladigan mahsulotlarimiz kelmayapti. Bunday vaziyatda kredit foizlari ko‘paygandan ko‘payib, mehmonxonalarni juda og‘ir ahvolga tushirib qo‘yishi mumkin.

Shuning uchun epidemiya tugaguncha, chegaralar ochilguncha birinchi navbatda Markaziy bank tarafidan yordam kerak. Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda ayrim bank yo‘riqnomalari va tartiblariga o‘zgartirish kiritish, banklarning kreditorlar bilan oldi-berdisini imkon qadar yumshatishga yo‘l berish kerak. Kredit olgan mehmonxonalarning ham foizini, ham asosiy qarzini to‘lash muzlatilsin, ya'ni «nachisleniye» bo‘lmasin.

Epidemiya 3-4 oyda o‘tib ketar, kredit to‘lovlari muzlatilmasa, 3-4 oy ichida to‘lovlar shunchalik ko‘p yig‘ilib ketadi, natijada mehmonxona o‘zining faoliyatiniyam bajara olmay qoladi. Chunki kredit to‘lovlaridan tashqari kundalik xarajatlarimiz – oziq-ovqat, xo‘jalik mahsulotlari, kommunal to‘lovlarimiz bor. Mehmonxona epidemiyadan chiqqandan keyin bu xarajatlarning hammasini ko‘tara olmaydi», deydi Shavkat G‘iyosov.

Le Grande Plaza mehmonxonasi rahbari Zokir G‘afurovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati hozirgi inqirozli holatda mehmonxonalar uchun soliq ta'tilini joriy etishi kerak.

«Men hukumatimiz hozirgi murakkab sharoitdan talafotsiz chiqishimiz uchun boshqa soliq ta'tili berishini so‘rardim. Le Grande Plaza mehmonxonasi misolida gapiradigan bo‘lsam, 40 foiz bandlik holatida har oy 890 million so‘m miqdorida «fiksirovannyy» xarajatimiz bor. Elektr energiya, issiq va sovuq suv, isitish tizimi, oylik maoshlar, soliqlar.

Garchi 16 martdan chegaralar yopilgan va mamlakatga turistlar kelmayotgan, karantin joriy etilgan bo‘lsa ham soliqlarni to‘lashda davom etyapmiz. Bugungi kungacha mehmonxona biznesi uchun hech qanday soliq imtiyozlari joriy qilingani yo‘q. Iltimosimiz shuki, soliq to‘lovlarini qanchadir muddatga kechiktirib turishsa, epidemiya tarqab, faoliyatimiz tiklanganidan so‘ng ularni bo‘lib-bo‘lib to‘lar edik. Mutlaqo to‘lamaymiz demayapmiz, yengillik berilishini so‘rayapmiz, xolos», deydi u.

Hotel Pro Consulting asoschisi Dilshod Odilov inqirozga qarshi choralar ko‘zda tutilgan farmonda mehmonxonalar uchun kerakli imtiyozlar ko‘zda tutilmagani haqida gapirdi.

«Prezident farmoni bilan bir qator sohalarga soliq imtiyozlari berildi, soliq stavkalari kamaytirildi, soliqlarni to‘lash muddatlari kechiktirildi. Biroq mehmonxonalar farmon bilan belgilangan va imtiyoz beriladigan toifalarga mansub emas.

Koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha qabul qilingan prezident farmonida 2020 yilning 1 aprelidan 1 iyuliga qadar turistik (mehmonxona) yig‘im hisoblash va undirish to‘xtatilishi aytilgan. Buning uchun katta rahmat. Lekin ayni paytda mamlakatga hech qanday turist kelmayotgan bir paytda bu imtiyozning foydasi sezilishi qiyin.

Hozir ko‘pchilik mehmonxonalar oz sonli mehmonlar uchun mehmonxonani to‘liq ishlatishga majbur bo‘lib turishibdi. Qabul qilmay desa mijoz uni deb kelgan, qolaversa, ko‘p yillik mijozlarning yuzidan o‘tish qiyin. Bunday sharoitda men zararga ishlayapman, boshqa mehmonxonaga bor, deb kim ham ayta olardi. Bir nafar mehmon uchun ham nonushta xizmati, xona tozalash xizmati, isitish-sovutish tizimi, restoran, bar, fitnes-markazi kabi barcha xizmatlar ko‘rsatilishi kerak. Biroq bir kishi to‘laydigan pul ushbu xarajatlarni qoplamaydi, natijada mehmon qancha kam bo‘lsa, mehmonxona shuncha zararga ishlaydi.

Agar har bir viloyat markazi va Toshkent shahrida mehmonlar sonidan kelib chiqib bir yoki bir necha mehmonxona navbatchi mehmonxona sifatida tanlab olinsa, 3-4 kishi uchun ishlab turgan barcha mehmonxonalar o‘z mehmonlarini shu mehmonxonaga joylab, o‘zlari mehmonxonalarini vaqtincha yopib tura oladilar. Bu o‘z navbatida chet ellik mehmonlarning bir mehmonxonada to‘laqonli bufet nonushta va boshqa xizmatlardan foydalanishini, shu bilan birgalikda tegishli organlarning mehmonlar sog‘ligi va holatidan xabar olib turishini osonlashtiradi», deydi Dilshod Odilov.

Hotel Pro Consulting asoschisi mehmonxonalarga davlat hisobidan kamida 3 oy davomida dotatsiya to‘lanishi kerak deb hisoblamoqda. Uning aytishicha, mehmonxonalarga har bir xona o‘rtacha 1,5 mln so‘mdan dotatsiya berib turilsa, asosiy daromadi maoshdan iborat bo‘lgan hodimlar karantin davrini qiyinchiliksiz o‘tkazib oladi.

Grand Mir Hotel mehmonxonasi bosh direktori Shavkat G‘iyosov Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari fondlar mehmonxonalarga uzoq muddatli qarzlar ajratishini so‘ragan.

«Epidemiya mehmonxona biznesiga jiddiy xavf tug‘dirishini fevralning boshlaridan sezishni boshlaganmiz. 2 mlrd 400 mln so‘mlik shartnomamiz bor edi, shuncha pulli xonalarni sotishga kelishgandik. Ammo 900 millionga chiqdik.

Mart oyida tushum bundan ham kamayishini oldindan prognoz qilib, xodimlarimizni haq to‘lanmaydigan ta'tilga chiqarishni boshlagandik. Shunda ham xodimlarning sharoitiga etibor berib, yolg‘iz ayollar, oilasining asosiy boquvchilarini ishda olib qolib, qolganlarni ta'tilga jo‘natdik. Lekin sharoit shunga qarab ketyaptiki, hademay ularni ham ishdan bo‘shatishga majbur bo‘lamiz.

Shu sharoitda xodimlarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha aniq taklifim bor edi. O‘zbekistonda Moliya vazirligi huzurida Budjetdan tashqari fondlar bor. Zaxira fondlari deyiladi. Shu fonddan mehmonxonalarga uzoq muddatga foizsiz qarz berilsa, shu pulni xodimlarimiz ishga chiqmagan taqdirda ham ish haqining 40 foizi miqdorida oyma-oy moddiy yordam berib turishga sarflardik. Bu pulni albatta qaytaramiz, bahonada xodimlarimiz ham ishlamagan vaqtlarida qiynalib qolishmaydi.

Vaziyat shu tarzda ketsa, tez orada umumiy ovqatlanish shoxobchalari, restoran, kafe, oshxonalar epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar yopiladi (20 mart kuni respublika maxsus komissiyasi 21 martdan umumiy ovqatlanish joylarini ham yopish bo‘yicha qaror chiqardi, suhbat 19 mart kuni bo‘lib o‘tgan). Bu degani bizdan ishdan ketgan xodimlar boshqa joydan ham ish topa olishmasligini anglatadi. Shu bois ham ularni ijtimoiy muhofaza qilish har qachongidan ko‘ra muhim. Chunki bir xodimning ortida 3-4 jon turibdi», deydi Shavkat G‘iyosov.

Hotel Pro Consulting asoschisi Dilshod Odilov mehmonxonalardagi vaziyat O‘zbekistonning turizm sohasiga ham jiddiy ta'sir ko‘rsatishidan xavotirini bildirgan.

«Mehmonxona biznesining ortida uzoq yillik tayyorgarlik, tajriba turibdi. Nima uchun mehmonxonaga odam pul to‘laydi. Sifatli xizmat ko‘rsatishlari uchun, sifatli taom yeyish uchun, yaxshi sharoit uchun va yaxshi dam olish uchun. Bularni tashkillashtirib berish asosan xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga bog‘liq.

Agar hukumat tomonidan mehmonxonalarga yordam berilmasa, ular xodimlarini yo‘qotadi, bu bilan birga tajriba ham yo‘qoladi, natijada mehmonxonalarning darajasi hozirgi holatidan ancha tushib ketadi. Sifatli xizmat bo‘lmas ekan, O‘zbekistonga turistlar oqimi ham kamayib ketadi», deydi Dilshod Odilov.

Jamshid Niyozov Kun.uz muxbiri
Sherzod Egamberdiyev tasvirchi

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top