«Nisiyama Onsen Keyunkan» mehmonxonasi 705 yilda tashabbuskor yapon Mahita Fudzivara tomonidan ochilgan. Oradan 1300 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, u mijozlar bilan gavjum. Mehmonlar u yerga dunyo tashvishlaridan uzoqlashish, tabiat qo‘ynida dam olish va shifobaxsh termal buloq suvlarida cho‘milish uchun borishadi. 2011 yilda u Ginness rekordlar kitobiga «eng qadimgi mehmonxona» sifatida kiritildi. 

Foto: mydiscoveries.ru

Mahita Fudzivara vafot etgach, uning biznesi o‘g‘liga, keyin esa merosxo‘rlariga o‘tadi. Hozirgi vaqtda mehmonxona Fudzivara oilasining 52-avlodi tomonidan boshqarilmoqda. Oradan shuncha yillar o‘tsa ham, unga egalik qiluvchi oila o‘zgarmagan. Fudzivaraning o‘zi imperator Tendzining yordamchisi bo‘lgan. Ehtimol, imperatorning homiyligi mehmonxona mashhurlashishiga sabab bo‘lgan. 

Foto: mydiscoveries.ru

Mehmonxona Xonsyu orolidagi Yamanasi prefekturasida joylashgan. Bu yerda dengiz plyaji yo‘q, mashhur Fudzi tog‘iga borish uchun esa bir necha soat yo‘l bosish kerak bo‘ladi. Biroq, mehmonxona egalari mijozlar yetishmasligidan shikoyat qilishmaydi. Gap shundaki, yaqin atrofda termal buloqlar bor, shuning uchun ham nafaqat Yaponiya aholisi, balki butun dunyodan sayyohlar buloq suvlarida cho‘milish va sog‘lig‘ini tiklab olish maqsadida u yerga borishadi. Mehmonxonaning o‘zi ham buloqlar suvi bilan isitiladi, shuningdek, u xonalardagi kranlarga uzatiladi. 

Foto: mydiscoveries.ru

«Nisiyama Onsen Keyunkan» qadimda yaponiyalik jangchilar orasida mashhur bo‘lgan, jangdan so‘ng yaralarini davolash uchun u yerga borishgan. Binoning o‘zi asrlar davomida ko‘p marta qayta qurilgan, ammo joylashgan o‘rni o‘zgarmagan. 

Foto: mydiscoveries.ru

Hozirda mehmonxonada 40 ga yaqin xona, bir nechta katta basseynlar bo‘lib, ularning bir qismi yopiq, qolganlari esa ochiq havoda. Bu yerda qadimgi Yaponiya an’analariga qat’iy amal qilinadi. Misol uchun, mehmonlar stolda emas, balki gilamda o‘tirib ovqatlanishadi. 

An’analar saqlanib qolganiga qaramay, bu yerda narxlar juda zamonaviy mehmonxonalardagidek. Masalan, oddiy ikki kishilik xonada tunash 35 ming iyena turadi, bu 300 dollardan oshadi.