Jahon | 07:52 / 22.08.2022
6351
3 daqiqa o‘qiladi

Somali poytaxtida mehmonxonaga hujum oqibatida 30 kishi halok bo‘ldi

«Ash-Shabob» guruhi jangarilari Mogadishodagi Hayat mehmonxonasini bir kundan ortiq vaqt davomida nazoratda ushlab turishgan. 120 ga yaqin odam jarohatlangan.

Foto: AFP

Somali poytaxti Mogadishoda Hayat mehmonxonasiga «Ash-Shabob» guruhi qurolli jangarilarining salkam 30 soatlik hujumi oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda 21 avgust, yakshanba kuni politsiya vakillari va shifoxona xodimlari ma’lum qildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi 21 ta o‘lik haqida gapirgan. Rasmiylarning aytishicha, 117 kishi yaralangan, ba’zilari - og‘ir ahvolda. 

19 avgust kuni kechqurun jangarilar Aden Adde xalqaro aeroporti yaqinida joylashgan mashhur mehmonxonaga bostirib kirdi. AQSh tomonidan tayyorlangan Somali aksilterror maxsus kuchlari va Somali politsiyasi maxsus kuchlari ishtirok etgan mehmonxonani ozod qilish amaliyotida og‘ir qurollardan foydalanilgan. Mehmonxonaga hujum 21 avgustga o‘tar kechasi tugadi. 

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, soni noma’lum bo‘lgan jangarilar granata va Kalashnikov avtomatlari bilan qurollangan. Xavfsizlik kuchlarining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, bunda to‘rt-besh nafar jangari ishtirok etgan. Politsiyaga ko‘ra, ikki jangari o‘ldirilgan. Hujum uchun javobgarlikni «Ash-Shabob» o‘z zimmasiga oldi va hujumda kamida 40 kishi halok bo‘lganini aytdi. 

Hujum oldidan ikki xudkush terrorchi ikkita mashinada o‘zini portlatib yubordi. «Ash-Shabob» guruhi aeroportga minomyotdan uyushtirilgan hujum uchun javobgarlikni ham o‘z zimmasiga oldi. Somali xavfsizlik idoralari hujumda bir ayol va uning to‘rt farzandi halok bo‘lganini tasdiqladi. 

Hujumlar Somalining yangi saylangan prezidenti Hasan Shayx Mahmud joriy yilning may oyida lavozimga kirishganidan beri birinchi yirik terakt bo‘ldi. Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) bosh kotibi Antonio Guterrish hujumni qoraladi va BMTning terrorizmga qarshi kurashda Somali hukumati bilan birdamligini tasdiqladi. 

Taxminan 16 million aholiga ega mamlakat janubiy va markaziy hududlarning katta qismini nazorat qilayotgan «Ash-Shabob» guruhi tomonidan yillar davomida hujumga uchragan. 

Mavzuga oid