08:23 / 05.06.2020
23643

Mashhur brendlar AQShda irqchilikka qarshi ommaviy harakatga qo‘shildi

Qo‘shma Shtatlarda irqchilikka qarshi kechayotgan norozilik harakatlariga Nike, Reebok, Twitter va Facebook kabi bir qator taniqli brend va korporatsiyalar ham qo‘shildi.

Foto: Bryan Denton for The New York Times

«Qora seshanba» (Blackout Tuesday) kuni deb nom olgan 2 iyun sanasida ular qarshilik kayfiyatini logotiplar rangini oq-qora tusga o‘zgartirish yoki #BlackLivesMatter va #ShareBackStories heshteglari ostida rasmiy murojaatlar orqali namoyish etishdi.

Qora tanli aholiga nisbatan harbiy strukturalar va jamiyatning munosabatini o‘zgartirish chaqirig‘iga Nike, Adidas, Puma, Reebok, Vans, Versace singari brendlar qo‘shilgan.

Facebook irqiy adolatsizlikni yo‘qotish ishlariga 10 mln dollar ajratishini ma'lum qilgan.

Nike ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida irqchilik muammosiga befarq bo‘lmaslikka chaqiruvchi videomurojaatni joyladi.

Twitter logotipidagi ko‘k rangli qushcha ham qora tusga kirdi.

«Qora tanli hamjamiyatsiz Reebok mavjud bo‘la olmasdi. AQSh mavjud bo‘lmasdi. Bizdan oyoq kiyim xarid qilishingizni so‘ramaymiz. Faqat «oyoq kiyimingizni almashtirish»ingizni, o‘zingizni boshqalarning o‘rniga qo‘yib ko‘rishingizni so‘raymiz. Hamjihat bo‘lish uchun. Umumiy insoniy tilni topish uchun», deyiladi Reebok’ning Instagram sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, 25 may kuni Minnesota shtatining Minneapolis shahrida politsiyachi qora tanli erkak Jorj Floydni qo‘lga olish vaqtida uning bo‘g‘ilib o‘lishiga sabab bo‘lgach, ommaviy noroziliklar boshlanib ketgan edi.

Mavzu
Minneapolisdagi namoyishlar
25 may kuni Minneapolisda politsiya tomonidan qo‘lga olingan 46 yoshli afroamerikalik Jorj Floyd vafot etgach AQShda ommaviy namoyishlar boshlanib ketdi.
Barchasi
Top