Jahon | 08:39
7823
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp Grenlandiya bo‘yicha kelishuvni e’lon qildi va bojlar joriy etishdan voz kechdi

AQSh prezidenti Donald Tramp va NATO bosh kotibi Mark Ryutte Grenlandiya bo‘yicha bitimning asosiy shartlari haqida kelishib oldi. Shuning ortidan Tramp uning rejalariga qarshi chiqqan davlatlar uchun joriy etilishi kerak bo‘lgan oshirilgan bojlardan voz kechdi.

Foto: Gian Ehrenzeller/KEYSTONE

Grenlandiya atrofidagi nizo yuzasidan kelishuvga erishildi — u kelgusida orolga doir (u Daniyaning avtonom hududi hisoblanadi) va butun Arktika mintaqasiga taalluqli bo‘lgan bitimning asosi bo‘lib xizmat qiladi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni, 21 yanvarda Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida xabar qildi. Uning aytishicha, murosaga uning NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan bo‘lgan “juda samarali uchrashuvi” davomida erishilgan.

“Bu qaror, agar amalga oshirilsa, Amerika Qo‘shma Shtatlari va NATOga a’zo barcha davlatlar uchun katta plyus bo‘ladi. Shuning asosida men 1 fevraldan kuchga kirishi kerak bo‘lgan tariflarni joriy etmayman”, — deb yozdi Oq uy rahbari.

Keyinroq Tramp jurnalistlarga: “Bu uzoq muddatli bitim. Bu mumkin bo‘lgan barcha bitimlar ichidagi eng uzoq muddatlisi. U doim amal qiladi. Muddat cheklovi yo‘q. Bu — abadiy”, — dedi.

Bundan oldin u 1 fevraldan boshlab Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlandiyadan AQShga keltiriladigan har qanday tovarlarga 10 foiz miqdorida boj joriy etishini e’lon qilgan edi. 1 iyundan esa, Grenlandiya bo‘yicha kelishuvga erishilguniga qadar, bojlarni 25 foizgacha oshirish rejalashtirilgan edi.

Donald Tramp qo‘shimcha qilishicha, hozirda Grenlandiya bilan bog‘liq vaziyat kontekstida AQShning “Oltin gumbaz” (Golden Dome) havo mudofaa tizimi bo‘yicha ham qo‘shimcha muhokamalar olib borilmoqda.

Mark Ryutte shu kuni Trampning Grenlandiya bo‘yicha shartlar kelishilgani haqidagi bayonotini tasdiqladi. “Trampning xabari mutlaqo to‘g‘ri”, — dedi Ryutte Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi (JIF)da Germaniyaning ARD jamoat-huquqiy mediakompaniyasi bergan savoliga javoban. U qo‘shimcha tafsilotlarni keltirmadi va muhokamalar davom etayotganini bildirdi.

Keyinroq Ryuttening matbuot kotibi u Tramp bilan Arktika mintaqasi xavfsizligi mavzusida “juda natijaga boy” uchrashuv o‘tkazganini aniqlashtirdi. Uning bayonotidan kelib chiqishicha, NATO ittifoqchilari o‘rtasida Tramp tilga olgan shartlar bo‘yicha muzokaralar Arktika xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan bo‘ladi — ayniqsa AQSh, Kanada, Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Finlandiya va Islandiyaning sa’y-harakatlari orqali.

“Daniya, Grenlandiya va AQSh o‘rtasidagi muzokaralar Rossiya va Xitoy u yerda — na iqtisodiy, na harbiy jihatdan — mustahkamlanib olishga erisha olmasligiga kafolat berish maqsadida davom etadi”, — deya Ryuttening matbuot kotibidan iqtibos keltirdi dpa agentligi.

Germaniya moliya vaziri Lars Klingbayl Donald Trampning Grenlandiyani AQShga qo‘shib olish rejalariga qarshi chiqqan mamlakatlar uchun oshirilgan bojlardan voz kechish qarorini sharhlar ekan, haddan tashqari optimizmga berilmaslikka chaqirdi.

“Yaxshi, ular (AQSh prezidenti Donald Tramp va NATO bosh kotibi Mark Ryutte — tahr.) muloqot olib boryapti, lekin biz biroz kutishimiz va bu masalaga juda erta ortiqcha umid bog‘lamasligimiz kerak”, — dedi u ZDF jamoat-huquqiy telekanali efirida.

Donald Tramp bir necha bor Grenlandiya “u yoki bu tarzda” AQSh nazoratiga o‘tishi kerak, deb aytgan. Uning ta’kidlashicha, orol Arktika mintaqasi xavfsizligini ta’minlashda, shuningdek AQSh milliy xavfsizligi manfaatlari nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.

Tramp buni Arktikada Rossiya va Xitoy suvosti kemalarining faolligi AQSh tomonidan go‘yo qayd etilgani bilan izohlaydi. O‘z navbatida, Daniya va boshqa Yevropa rasmiylari Grenlandiya allaqachon NATOning jamoaviy mudofaa me’yorlari bilan himoyalanganini eslatdi. Qolaversa, AQShning oroldagi harbiy huzuri 1951 yilgi kelishuv bilan ta’minlangan.

Boshida Donald Tramp buni qanday amalga oshirish bo‘yicha bir nechta variantni ko‘rib chiqishini, jumladan harbiy kuch ishlatish va orolni sotib olish ehtimolini ham aytgan edi. Biroq u 21 yanvar kuni Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida so‘zlar ekan, kuch ishlatmasligini bildirdi. Daniya hukumati (Grenlandiya Daniya tarkibiga kiradi) AQSh bilan orolni sotish bo‘yicha muzokaralar olib borish niyati yo‘qligini bildirgan.

Mavzuga oid