21:36 / 07.10.2020
164453

Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari e'lon qilindi

Davlat qabul komissiyasi 2020/2021 o‘quv yili uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdorlarini tasdiqladi.

Mazkur miqdorlar bu yilgi imtihonda to‘plagan balli o‘tish balli chegarasiga 4 baldan ortiq yetmagan va 56,7dan ko‘proq ball to‘plagan abituriyentlar uchun, faqat birinchi o‘quv yilida qo‘llaniladi. Kunduzgi ta'lim uchun bu yil 10 foizlik chegirma qo‘llanadi.

Narxlar avvalgi yillarga qaraganda arzonlashgan. Aksariyat yo‘nalishlar uchun oddiy kontraktning 8 baravari belgilangan. Eng arzon kontrakt 5,8 mln so‘m ekani hisobga olinsa, xalq tilida «super-muper kontrakt»ning eng arzoni 46,2 mln so‘mni tashkil etadi.

Eng qimmat yo‘nalish hamon yurisprudensiya bo‘lib turibdi – oddiy kontraktning 25 baravari (birgina shu yo‘nalishda minimal miqdor o‘zgarmay qolgan). Bu – 207 mln so‘mdan ortiqni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt qiymatini OTM rektorlari mustaqil belgilaydi, ammo ular belgilagan miqdor Davlat komissiyasi tasdiqlagan miqdorlardan kam bo‘lmasligi kerak. Shu boisdan super-kontraktda o‘qish istagidagi abituriyentlar aniq miqdorlar haqidagi ma'lumot uchun OTMga murojaat etishlari lozim.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev bu yilgi taxminiy oddiy kontrakt miqdorlarini hisoblab chiqqan.

Top