17:45 / 15.01.2021
5749

O‘zbekistonda nega «samosud» bo‘yicha statistika yuritilmasligi izohlandi

IIV tergov departamenti bo‘lim boshlig‘i Azizbek Dolixo‘jayev bugun, 15 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida tashkilotda samosud bo‘yicha statistika yuritilmasligini aytib, buni Jinoyat kodeksida ushbu tushunchaning mavjud emasligi bilan izohladi.

Azizbek Dolixo‘jayev

«Sababi bunday tushunchaning o‘zi Jinoyat kodeksida mavjud emas. «Samosud» natijasida qilingan harakatlar uchun javobgarlik belgilangan. Masalan, haqorat qilsa, unga nisbatan kuch ishlatish yo‘li bilan urib, do‘pposlaydigan bo‘lsa, yetkazgan jarohatining darajasiga ko‘ra javobgarlik belgilanadi. Shuningdek, bir qator boshqa harakatlar, masalan tutqunlikda ushlash yoki bezorilik jinoyatlari alomatlari bilan jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.

Shu nuqtai nazardan, shaxsning harakatlari bevosita sodir etgan qilmishidan kelib chiqadi. Deylik badaniga yengil jarohat yetkazilsa, Jinoyat kodeksining 109-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi va statistika bevosita 109-modda bilan sodir etilgan jinoyatlar doirasida hisoblanadi,” – deya IIV vakilining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh prokuratura mas'ul xodimi Shokir Nazarovning ta'kidlashicha, «samosud»lar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchsizlikdan emas, balki odamlar qonunlarni bilmasligi yoki bila turib mensimasligidan kelib chiqmoqda.

Shokir Nazarov

«Tergov jarayonlarida shu narsaga guvoh bo‘ldikki, odamlar jahl ustida yoki o‘z xatti-harakatlari qonuniy javobgarlikni keltirib chiqarishini bilmagan holda «samosud»ga yo‘l qo‘yadi. Holbuki jinoyat kodeksida har bir jinoyat uchun jazo muqarrar ekanini belgilangan.

«Samosud» natijasida kishi — kimnidir jazolash uchun ayblanuvchiga aylanib qolishi mumkin. Agar ular bu orqali kimgadir tan jarohati yetkazsa, Jinoyat kodeksining 104-, 105-, 109-moddalari bo‘yicha chora ko‘rilishiga olib keladi,” – dedi Shokir Nazarov.

2020 yilning 22 dekabr kuni Andijon viloyati Jalaquduq tumanida haydovchilarni videoga tushirishda gumonlangan shaxs «samosud» qilingan edi. Keyinroq, ma'lum bo‘lishicha, u aslida bozordagi narxlarni suratga olayotgan bo‘lgan.

Ushbu holat 25 dekabr kuni sudda ko‘rib chiqilib, 5 nafar huquqbuzarlarning har biriga BHMning 3 baravari miqdorida jarima jazosi belgilangan.

Shuningdek, 2020 yilning 24 iyul kuni Xorazm viloyatining Gurlan tumanida bir necha ayollar boshqa bir ayolni «samosud» qilayotgan holati tasvirlangan videoyozuvlar ham tarqalgan edi.

Lekin, mazkur holat yuzasidan Gurlan tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani ma'lum qilinib, tekshiruv natijalari oshkor qilinmagan.

Top