Jamiyat | 14:04 / 04.01.2021
42009
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda haydovchilarni videoga tushirishda gumonlangan shaxs «samosud» qilindi. U aslida bozordagi narxlarni suratga olgani ma'lum bo‘ldi

Internetda haydovchilarning qoidabuzarliklarini videoga tushirib, YPXga yuborishda gumon qilingan shaxs haydovchilar tomonidan mashina yukxonasiga tiqib qo‘yib, jazolangani aks etgan video tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati ushbu «samosud» holati yuzasidan ma'lumot berdi.

Foto: Videodan kadr

Ma'lum qilinishicha, ushbu holat 2020 yilning 22 dekabrida Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida sodir bo‘lgan.

«2020 yilning 22 dekabr kuni soat 11:00larda Andijon shahrida yashovchi fuqaro N.Q. Jalaquduq tumani markazida joylashgan «Dehqon bozori»ga mevalar narx-navosini bilish uchun kelib, bozorni fotosuratga olayotgan vaqtida bir necha fuqaro N.Q.ni boshqa maqsadda suratga olayotganlikda gumonlab, jamoat joyida turli uyatli so‘zlar bilan haqorat qilishgan.

Ushbu holat yuzasidan Jalaquduq tumani IIB XPB IIO TP profilaktika katta inspektori A.Yuldashev tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan.

Jumladan, fuqarolar A.D, M.R, A.A, J.Z, va Q.D. jamoat joyida turli haqoratli so‘zlar bilan baqir-chaqir qilishgani uchun ularning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 183-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi bois, to‘plangan hujjatlar chora ko‘rish uchun Jalaquduq tuman Ma'muriy sudiga yuborilgan.

2020 yil 25 dekabr kuni ma'muriy ish sudda ko‘rib chiqilib, huquqbuzarlarning har biriga BHMning 3 baravari miqdorida jarima jazosi belgilangan», deyiladi xabarda.

Internetda tarqalgan videoda samosud ishtirokchilaridan biri bu shaxs avvaldan kuzatib kelingani va endi qo‘lga tushgani haqida aytadi. Qoidabuzarlar yukxonadagi shaxsdan telefon kodini berishni talab qilishgan. U esa “organni chaqirishni” so‘ragan. Bu iltimosga javoban videodagi ovozlardan biri uni yog‘ochga bog‘lab qo‘yishni taklif qilgan. 

Mavzuga oid