17:37 / 30.10.2021
32488

IShIDga aloqasi borligi uchun qidirilayotgan shaxs O‘zbekistonga olib kelindi

Davlat xavfsizlik xizmati IShID bilan aloqasi borligi uchun qidirilayotgan shaxsni O‘zbekistonga qaytardi. Uning Suriya va Iroqdagi janglarda hamda Markaziy Osiyo davlatlaridan birida teraktga tayyorgarlik ko‘rishda qatnashgani xabar qilindi.

Xalqaro terroristik tashkilotlarga aloqadorligi uchun qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan xorijdan olib kelingan. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: t.me/xavfsizlik_uz

Ma'lum qilinishicha, I.O. 2014 yilning fevral oyida mavsumiy ishlash maqsadida Rossiyaga boradi va internet tarmog‘i orqali xalqaro terroristik tashkilotlar a'zolari bilan aloqaga kirishadi.

«Natijada ularning ta'siri ostida «I.O.» yashash manziliga qaytib kelib, ikki nafar farzandini ota-onasiga qoldiradi hamda rafiqasi bilan birga 2015 yilning mart oyida Ukraina orqali dastlab Turkiyaga, so‘ngra Suriya hududiga o‘tib, «Islom davlati» xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo‘shiladi.

Shu tariqa, u 2015-2021 yillar davomida Suriya va Iroq davlatlaridagi terroristik tashkilotlar safida jangovar harakatlarda qatnashadi. Shuningdek, u joriy yilning sentabr oyida Markaziy Osiyo davlatlarining birida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan qo‘poruvchilik harakatida ishtirok etishi lozim edi», deyiladi xabarda.

Hozirda unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top