10:34 / 15.08.2022
4350

Yangi uylarni chiqindi to‘plash joylarini belgilamasdan loyihalashtirish taqiqlandi

Bundan tashqari, prezident farmoni bilan, xususiy sanitar tozalash korxonalari ikki turdagi majburiy to‘lovlardan ozod etilib, ularga soliq va boshqa qator yo‘nalishlarda yengilliklar berilmoqda.

Foto: Kun.uz

“Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Tadbirkorlik sub’yektlari – sanitar tozalash korxonalaridan (davlat unitar korxonalari bundan mustasno) undiriladigan quyidagi majburiy to‘lovlar bekor qilinadi:

  • sanitar tozalash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan korxonalar respublika birlashmasiga sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun undiriladigan to‘lovlardan 5 foiz miqdoridagi ajratmalar;
  • sanitar tozalash xizmatlarini tashkil etish markazlariga sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun undiriladigan to‘lovlardan 5 foiz miqdoridagi ajratmalar.

2026 yil 1 yanvargacha asosiy faoliyati chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash hisoblangan tadbirkorlik sub’yektlari uchun ushbu faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari) va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida qo‘llaniladi.

Qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan davlat korxonalari hisobidagi maxsus avtotransportlar va texnikalarini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sherikka berish muddati 7 yildan 10 yilga hamda bir yillik imtiyozli davr bilan uzaytiriladi. 

Kichik tadbirkorlik sub’yektlari bo‘lgan sanitar tozalash korxonalariga:

  • investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida banklar milliy valutada ajratiladigan kreditlari bo‘yicha 50 foizgacha (50 foiz ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda kafilliklar;
  • 2024 yil 1 yanvargacha investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida banklar milliy valutada ajratiladigan, umumiy qiymati 5 mlrd so‘mdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasi 1,5 baravaridan oshmagan kreditlari bo‘yicha asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavka 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha “2+1” tamoyili asosida kompensatsiyalar taqdim etiladi.

2023 yil 1 yanvargacha aholini qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi haqida foydalanilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarni yuritish billing tizimi orqali xabardor qilish tizimi joriy etiladi.

2023 yil 1 yanvardan yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarni chiqindi to‘plash joylarini belgilamasdan loyihalashtirish hamda foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.

2022 yil 1 oktyabrgacha aholiga qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lovlarni barcha mavjud to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

2022 yil 1 noyabrgacha qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritish yagona elektron tizimi “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi va “Xorijga chiqish pasporti” axborot tizimi bilan integratsiya qilinishi ta’minlanadi.

Top