09:41 / 27.01.2023
8786

Qozog‘istonda rossiyaliklar uchun «vizaran»ning bekor qilinishi kuchga kirdi

«Vizaran» endi mumkin emas. Bundan buyon xorijliklar Qozog‘istonni tark etib, zudlik bilan qaytib kelish orqali u yerda qonuniy bo‘lish muddatini uzaytira olmaydi.

Foto: DW

Qozog‘istonda 27 yanvar, juma kuni xorijliklar uchun ushbu mamlakatga kirish va qolishning yangi qoidalari kuchga kirdi. Endi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari fuqarolari, jumladan, rossiyaliklar Qozog‘istonda 180 kunlik muddat ichida 90 kun bo‘lishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, ular endi mamlakatda qonuniy qolish muddatini shunchaki tark etish va darhol qaytib kelish orqali uzaytira olmaydi.

Ilgari rossiyaliklar «vizaran» deb atalgan sxemadan foydalanishi mumkin edi, bu sxema bo‘yicha har uch oyda bir marta chegarani kesib o‘tish va qaytib kelish, shu orqali Qozog‘istonda qolish muddatini uzaytirish mumkin edi. Bu ularga mamlakatda vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma rasmiylashtirmaslik imkonini berdi. Endi Qozog‘istonda uzoq vaqt qolish uchun immigrantlar kelish maqsadini ko‘rsatgan holda vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma olishi lozim bo‘ladi.

O‘tgan yilning sentabrida Rossiyada safarbarlik e’lon qilinganidan keyin ko‘plab rossiyaliklar Ukrainadagi urushga bormaslik uchun Qozog‘istonga chiqib ketdi. Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi Migratsiya xizmati qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyida Rossiyaning 406 ming fuqarosi mamlakatga kirib kelgan, ularning aksariyati - 21-30 sentabr kunlari. Agar bungacha chegarani kuniga o‘rtacha 8-9 ming rossiyalik kesib o‘tgan bo‘lsa, sentabr oyi oxirida Rossiyadan o‘rtacha sutkalik oqim 30 ming kishiga yetdi, deb xabar berdi Tengrinews. Oktabr oyida Rossiyadan migratsiya oqimi barqarorlashdi va yil oxirida kuniga 6-7 ming kishidan oshmadi.

Mavzuga oid
Top