10:58 / 30.01.2023
7139

AQSh moliya vaziri: Davlat qarzi chegarasini oshirish kerak

AQSh moliya vaziri Janet Yyellenga ko‘ra, agar hukumat tashqi qarz chegarasini oshirmasa, Qo‘shma Shtatlar retsessiyaga duch kelishi mumkin.

Janet Yyellen / Foto: Reuters

AQSh moliya vaziri Janet Yyellen mamlakatning davlat qarzi bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirda, u yaqin kelajakda defoltga olib kelishi mumkin. Bu haqda u 28 yanvar kuni Axios nashriga bergan izohida aytib o‘tdi.

Rasmiyning aytishicha, agar Kongress kuz boshigacha mamlakatning tashqi qarzi chegarasini ko‘tarmasa, amerikaliklar chuqurlashib borayotgan retsessiyaga duch kelishi mumkin. Bunday holda, hukumat «soliq tushumlariga mos kelish uchun» bir qator xarajatlarni qisqartirishi lozim bo‘ladi. Ammo bunday choralar fuqarolar uchun «psixologik oqibatlarga» olib kelishi mumkin, dedi Yyellen - ular qo‘rquv tufayli odatdagi xarajatlarini kamaytirishi xavfi bor, bu iqtisodiyotga yanada ta’sir qilishi va tanazzulni chuqurlashtirishi mumkin. «Bu jiddiy oqibatlarga olib keladi. Bu falokat», dedi moliya vaziri.

Shu bilan birga, Yyellen AQShning Kremlga nisbatan sanksiya siyosatini qo‘llab-quvvatladi – avvalroq u Ukrainaga qarshi urush olib borayotgani uchun Moskvaga qo‘yilgan sanksiyalarni Franklin Ruzveltning Ikkinchi jahon urushi davrida Germaniyaga qarshi kiritgan choralari bilan solishtirgan edi.

Yyellenning Axios salbiy deb atagan prognozi - AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining Kongressdagi Respublikachilar partiyasi vakillariga bosim o‘tkazish yo‘lini topishdagi qadamlaridan biriga taalluqli, deya ta’kidlaydi nashr. Noyabr oyidagi oraliq saylov natijalariga ko‘ra respublikachilar Vakillar palatasida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Ko‘pchilik o‘rinlarning respublikachilarga o‘tishi Kongress faoliyatida qator qiyinchiliklarga olib keldi - masalan, Vakillar palatasi demokrat Nensi Pelosi bu lavozimdan bosh tortganidan keyin 14 marta respublikachilar orasidan yangi spikerni saylay olmadi.

Bundan tashqari, Vakillar palatasida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritgan Respublikachilar partiyasi vakillari Jo Bayden va uning oila a’zolarining tijoriy aloqalarini tekshirish niyatini ma’lum qildi.

Noyabr oyi o‘rtalarida Jorjiya shtatidan Vakillar palatasi a’zosi Marjori Teylor Grin va uning qonun chiqaruvchi organdagi bir guruh partiyadoshlari AQSh Kongressi tomonidan Ukrainaga yordam berish uchun ajratilgan mablag‘larni nazorat qilishni talab qiluvchi imtiyozli rezolyutsiyani taqdim etdi. Respublikachilar yetakchisi Kevin Makkarti Vashingtonning Kiyevga ko‘rsatayotgan yordamini qo‘llab-quvvatlashini, lekin nazoratni kuchaytirish tarafdori ekanini aytdi.

Biroq, bu tashabbuslarga qaramay, 2022 yil oxirida Jo Bayden AQShning 2023 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, unda Ukrainaga 45 milliard dollar miqdorida yordam ajratilishi nazarda tutilgan. Bu miqdor Bayden dastlab Kongressdan talab qilganidan ham ko‘p bo‘ldi.

Top