12:05 / 30.01.2023
29658

Nukusda ikki bola zaharlanib shifoxonaga tushdi. Ulardan biri vafot etdi

Nukusda bolalar tez tayyorlanuvchi lag‘mondan zaharlangani haqidagi xabarlar rad etildi.

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida sodir bo‘lgan o‘tkir zaharlanish holati yuzasidan xabarlar tarqaldi. Holat bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rasmiy ma’lumot berdi.

Joriy yil 25 yanvar kuni fuqaro B.B.ning og‘zaki ko‘rsatmasiga ko‘ra tushlikda ukasi M.A. bilan birga uyiga yaqin joydagi oziq-ovqat do‘konidan tez tayyorlanadigan lag‘mon mahsulotini sotib olib, tayyorlab iste’mol qilgan. Lag‘mon mahsulotini tayyorlash jarayonida mahsulotda aynish belgilari, o‘zga yot hid va ta’m sezilmagan. 

O‘sha kuni soat 17:00-18:00 larda B.B. uyida 1-1,5 yildan buyon saqlanib turgan, nomi va ishlab chiqaruvchisi hamda sotib olgan joyi noma’lum 500 grammga yaqin sellofan paketda bo‘lgan, kukun ko‘rinishidagi kemiruvchilarga qarshi dori bilan uy atrofi, oshxona va bitta xonaga sepib chiqqan. Kemiruvchilarga qarshi dorini sepish vaqti va sepganidan so‘ng xonalarda o‘tkir hid sezilgan. 

2023 yil 26 yanvar kuni soat M.A. soat 7:00-8:00 larda, B.B soat 9:30-10:00 larda qayt qila boshlagan. Belgilar o‘tib ketmagandan so‘ng tushlik vaqtida tez yordam chaqirilgan. Lekin ota-onasi tomonidan uyda davolanish ma’qul ko‘rilgan. 

M.A. va B.B. qayt qilishga qarshi dorilar qabul qilgan. O‘sha kuni tungi soat 23:00-24:00 lar atrofida M.A. va B.B. takroriy qayt qila boshlagan. 27 yanvar kuni soat 6:00-7:00 larda “Tez yordam” chaqirib, Respublika bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yuborilgan. Lekin ularning kasallik belgilari yuqumli kasalliklardan bo‘lmaganligi sababli Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialiga yuboriladi. 

Shifokorlar tomonidan bemorlarga «Fosfororganik birikmalardan o‘tkir zaharlanishning og‘ir va o‘rta og‘ir darajasi» birlamchi tashxisi qo‘yilgan.

M.A. kelgandagi ahvoli og‘ir holatda bo‘lgan. Reanimatsion chora-tadbirlar olib borilishiga qaramasdan, 27 yanvar soat 09:24 da unda biologik o‘lim qayd etilgan. Fuqaro B.B.ning ahvoli qoniqarli bo‘lib, sog‘ligi shifokorlar nazoratiga olingan. 

Yuqoridagi holat bo‘yicha takroriy murojaatlar bo‘lmagan va profilaktik ishlar davom ettirilmoqda, deyiladi rasmiy xabarda.

Mavzuga oid
Top