11:32 / 03.02.2023
8155

Berlin Kiyevga Leopard 1 tanklarini ham yetkazib bermoqchi

Germaniya hukumati Leopard 1 jangovar tanklarini sanoat zaxiralaridan Ukrainaga taqdim etishni ma’qullamoqchi, deb xabar berdi juma kuni Süddeutsche Zeitung (SZ) gazetasi. 

Foto: Wikipedia

Rasmiy ravishda bu tanklarni Kiyevga topshirish hali tasdiqlanmagan, deya ta’kidlaydi dpa agentligi hukumat doiralaridagi manbaga tayanib. 

Rheinmetall va Flensburger Fahrzeugbau Gesellschaft nemis kompaniyalari yaqinda Ukrainaga jo‘natish uchun o‘nlab Leopard 1 tanklarini tayyorlashi mumkin, ammo SZ ta’kidlashicha, o‘q-dorilarni sotib olish bilan bog‘liq muammolar haligacha hal etilmagan. 

O‘tgan hafta Berlin Ukrainaga Bundesver omborlaridan 14 ta Leopard 2 asosiy jangovar tanklarini yetkazib berishga qaror qildi.

Germaniya kansleri Olaf Shols «Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Rossiya va NATO o‘rtasidagi urushga aylanib qolmasligi uchun hamma narsani qilish»ni o‘zining vazifasi deb hisoblaydi. Bu haqda Germaniya hukumati rahbari Der Tagesspiegel gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

Hozirda Rossiya Federatsiyasi va NATO o‘rtasida urush yo‘q, u Germaniya kansleri sifatida bunday keskinlashuvga yo‘l qo‘ymaydi, deb qo‘shimcha qildi Shols. «Bu masala bo‘yicha biz federal hukumatda birdammiz va tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ham shunday hisoblayapti», dedi u. 

25 yanvar kuni Olaf Shols Ukrainaga Leopard 2 tanklarini yetkazib berishni ma’qulladi va bu qaror Germaniya ittifoqchilari bilan «kelishuv hamda yaqin hamkorlikda» qabul qilinganini ta’kidladi. Shundan so‘ng bir qator boshqa G‘arb davlatlari Kiyevga jangovar tanklarni o‘tkazish niyatida ekanini ma’lum qildi. O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan gaplashganini Telegram’da ma’lum qilib: «Biz Ukrainaga samolyotlar yetkazib berish darajasiga chiqishimiz kerak. Bu orzu. Bu vazifa», deb qo‘shimcha qildi. 

Germaniyada ham Kiyevga jangovar samolyotlar yetkazib berilishi mumkinligi haqidagi munozaralar boshlandi. Biroq, 25 yanvar kuni Bundestagda nutq so‘zlagan Olaf Shols voqealarning bunday rivojlanishi haqida gap ham bo‘lmasligini ta’kidladi: «Men bu jangovar samolyotlarga taalluqli emasligini ancha oldin aytgandim va hozir ham buni aytaman». 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top