Jahon | 08:26 / 09.01.2026
2891
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya armiyasi tunda Kiyev va Lvivga hujum qildi: halok bo‘lganlar bor

Kiyevda dron zarbalari oqibatida ko‘p qavatli turar joy uylari shikastlandi. Kamida 4 kishi halok bo‘ldi. Lviv viloyatida esa RF armiyasi, taxminlarga ko‘ra, gaz koniga zarba berish uchun “Oreshnik”dan foydalangan.

Foto: State Emergency Service of Ukraine/REUTERS

Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari jumaga o‘tar kechasi, 9 yanvar kuni Kiyevni dronlar bilan ommaviy ravishda hujumga tutdi. Hozircha kamida to‘rt kishi halok bo‘lgani va 19 kishi yaralangani ma’lum. Kiyev meri Vitaliy Klichkoning bildirishicha, halok bo‘lganlar orasida shifokor ham bor: u Darnitsa tumaniga chaqiruv bo‘yicha kelgan paytda, o‘sha yerda dron ko‘p qavatli turar joy binosiga urilgan.

Ukraina poytaxtining Dniprovskiy tumanida ham zarbalardan biri ko‘p qavatli uyga berilgan. Desnyanskiy tumanida savdo markazi hududida yong‘in qayd etilgan. Pecherskiy tumanida 24 qavatli noturar joy binosi shikastlangan.

Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, muhim infratuzilma obektlariga yetkazilgan zarar tufayli shaharda elektr ta’minoti va suv ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

Lviv viloyatida Rossiya zarbasi oqibatida muhim infratuzilma obekti zarar ko‘rganini viloyat harbiy ma’muriyati (VHM) rahbari Maksim Kozitskiy ma’lum qildi. Ukraina OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasining nishonlaridan biri Striy gaz koni, shuningdek yerosti gaz ombori bo‘lishi mumkin.

Hujumdan bir necha soat oldin monitoring kanallari Rossiyaning “Kapustin Yar” poligoni hududida “g‘ayrioddiy faollik” haqida xabar qilgan edi. O‘sha yerdan 2024 yil noyabrida Dnipro shahriga “Oreshnik” ballistik gipertovushli raketa kompleksi bilan zarba berilgan.

Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlarida esa Lvivga uchirilgan raketa soatiga 13 ming kilometr tezlikda harakatlangani aytildi. “Oreshnik” qo‘llangani hozircha rasman tasdiqlangani yo‘q. Raketaning turi uning barcha elementlari o‘rganib chiqilgandan keyin aniqlanadi, deya bildirildi Havo kuchlarida.

Mavzuga oid