16:04 / 08.02.2023
17104

Zelenskiy urush boshidan buyon ilk bor Londonga bordi

Volodimir Zelenskiy chorshanba kuni Londonga uchib keldi, bu yerda u Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak bilan uchrashadi hamda Britaniya parlamentida chiqish qiladi. Shuningdek Ukraina prezidenti Britaniya monarxi Charlz III qabulida bo‘ladi.

Foto: RISHI SUNAK/TWITTER

Britaniya Qirollik harbiy-havo kuchlari samolyoti Zelenskiyni Londondagi Stansted aeroportiga yetkazdi.

Sunak Zelenskiyni shaxsan chiqib aeroportda kutib oldi va tvitter sahifasida u bilan tushgan fotosuratini joylashtirdi.

Bu Zelenskiyning Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon ikkinchi bor xorijga safar qilishidir, avvalroq u Polsha orqali AQShga borgandi.

Rejaga ko‘ra, safar davomida Zelenskiy Britaniyada jangovar tayyorgarlikdan o‘tayotgan ukrainalik harbiylar bilan ham uchrashishi ko‘zda tutilgan.

«Prezident Zelenskiyaning Buyuk Britaniyaga tashrifi - uning mamlakati jasorati, qat’iyati va kurashi, shuningdek mamlakatlarimiz o‘rtasidagi buzilmas do‘stlikka dalildir», degan Sunak.

Zelenskiy kelgan samolyotning qo‘nishi

Chorshanba kuni London Buyuk Britaniya ukrainalik uchuvchilar G‘arb namunasidagi qiruvchi samolyotlarni boshqarishga o‘rgatilishi boshlanishini e’lon qildi.

Bu qaror Buyuk Britaniyaning Ukrainaga G‘arb qiruvchi samolyotlari yetkazib berish bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarganidan darak berishi mumkin. Avvalroq Sunak bunday yordam «amaliy emasligi»ni aytib, buni Britaniya harbiy samolyotlari juda murakkabligi, ularda parvoz qilishni o‘rganish uchun bir necha oy vaqt talab etilishi mumkinligi bilan izohlagandi.

Britaniya Ukraina harbiylarini tayyorlash dasturini kengaytirib, yana 20 ming kishini jangovar harakatlarga tayyorlashni maqsad qilgan. Xabar qilishlaricha, britaniyalik harbiy mutaxassislar ukrain dengiz piyodalarini ham o‘qitadi.

Videoaloqa orqali ilk chiqish

Bosh vazir idorasiga ko‘ra, Sunak Kiyevga Rossiya Ukrainaning muhim infratuzilmalariga zarba berishining oldini olishi uchun nisbatan uzoq masofadagi nishonlarga zarba berish vositalarini taklif qilmoqchi. Aynan qanday qurollar haqida gap ketayotganiga hozircha aniqlik kiritilmagan.

Zelenskiy o‘tgan yili Britaniya parlamentiga videoaloqa orqali murojaat qilgandi. Foto: UK PARLIAMENT 

Britaniya hukumati shuningdek Rossiyaga qarshi, jumladan [prezident Vladimir] Putinga «shaxsiy boyligini ko‘paytirishga yordam berayotganlar va Kreml harbiy mashinasi orqali daromad topayotgan kompaniyalar»ga qarshi sanksiyalar e’lon qilmoqchi.

Payshanba kuni Zelenskiyni Bryusselda kutishadi, u bu yerda Yevroittifoq rasmiylari bilan uchrashadi.

O‘tgan yil martida Zelenskiy videoaloqa orqali Britaniya parlamentiga murojaat qilgandi. Bu xorijiy davlat rahbari Jamoa palatasi yig‘ilishlar zalida chiqish qilishi bilan bog‘liq tarixdagi ilk holat bo‘lgandi.

Britaniya Ukrainaga qanday yordam ko‘rsatgan?

O‘tgan yil fevralidan buyon Buyuk Britaniya Ukrainaga 2,3 mlrd funt miqdoridagi harbiy yordam jo‘natgan va ushbu ukrainlarni qo‘llab-quvvatlash ko‘lami bo‘yicha AQShdan keyingi ikkinchi mamlakat hisoblanadi. Britaniya hukumati bu yildagi yordam hajmi ham shu kabi bo‘lishini va’da qilgan.

Britaniya shuningdek Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llagan va Ukrainadan 100 mingdan oshiq qochqinlarni qabul qilgan.

Quyida Buyuk Britaniya tomonidan Ukrainaga taqdim etiladigan texnikalar ro‘yxati:

  • Bir qancha havo hujumidan mudofaa tizimlari, jumladan Starstreak - bu yaqin masofadagi pastlab uchuvchi havo nishonlarini yo‘q qilishga qaratilgan;
  • Challenger-2 tanklari;
  • Artilleriya tizimlari, jumladan 30 ta AS-90 rusumli o‘ziyurar gaubitsalar;
  • 155 mm kalibrli yuz minglab snaryadlar;
  • M270 baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari (amerikaliklarning HIMARS tizimining gusenitsali muqobil varianti);
  • Tankka qarshi NLAW raketa tizimlari;
  • Brimstone rusumli dengiz raketalari;
  • Zirhli texnikalar, jumladan Mastiff rusumli patrul mashinalar;
  • Ajralib qolgan kuchlarga logistik ko‘mak ko‘rsatishga mo‘ljallangan dronlar;
  • Radioelektron kurash vositalari.
Mavzuga oid
Top