16:57 / 10.02.2023
11747
Reklama

“Navoiyuran” Fransiyaning “Orano Mining” kompaniyasi bilan hamkorlik qilmoqda

Hamkorlik doirasida korxonaning barcha ishlab chiqarish jarayonlarini texnik auditdan o‘tkazish bo‘yicha texnik hamkorlik rejasi ishlab chiqiladi.

Hozirgi kunda “Navoiyuran” davlat korxonasi mamlakatimizdagi barqaror va jadal rivojlanayotgan sub’yekt bo‘lib, o‘z mahsulotini 100 foiz eksportga yo‘naltirayotgan yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi. Korxonaning asosiy ishlab chiqarish mahsuloti tabiiy uran bo‘lib, “Zafarobod” kon boshqarmasi, “Uchquduq” va “Nurobod” ishlab chiqarish maydonlarida joylashgan 6 ta geotexnologik konlarda qazib olinadi. Navoiy shahridagi Uran ishlab chiqarish zavodida esa uran chala oksidi (tabiiy uran) ko‘rinishiga keltiriladi.

Foto: Navoiyuran
Foto: Navoiyuran
Foto: Navoiyuran

Sir emas, respublika uran sanoati tarmog‘i taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. 2022 yil 14 iyuldagi “2022-2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori korxonaning istiqboldagi faoliyatini belgilab beruvchi muhim tarixiy hujjat bo‘ldi. Mazkur qarorda Fransiyaning “Orano Mining” kompaniyasi ekspertlarini jalb qilgan holda, “Navoiyuran” davlat korxonasi faoliyatini moliyaviy, texnik, yuridik va ishlab-chiqarish quvvatlarini kompleks o‘rganish hamda rivojlanish strategiyasi, operatsion samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish va avtomatlashtirish hisobiga ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish vazifalari ham belgilangan.  

Foto: Navoiyuran
Foto: Navoiyuran
Foto: Navoiyuran

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 21-22 noyabr kunlari Fransiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi (hozirgi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi), “Navoiyuran” davlat korxonasi hamda Fransiyaning “Orano Mining” kompaniyasi o‘rtasida uran qazib olish va qayta ishlash sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha uch tomonlama strategik hamkorlik kelishuvi imzolandi. 

Mazkur kelishuvga asosan baholash hisobotini taqdim etish va texnik hamkorlikning yo‘l xaritasi bo‘yicha batafsil harakatlar rejasini tuzish uchun geologlar, gidrogeologlar, tog‘-kon va texnologik muhandislardan iborat ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh tomonidan baholash hisoboti va konlarni texnik auditdan o‘tkazish bo‘yicha tegishli texnik hamkorlik yo‘l xaritasini ishlab chiqish belgilangan.

Shu munosabat bilan “Orano Mining” kompaniyasining konchi, geolog va texnologik jarayonlar bo‘yicha mutaxassis va ekspertlardan iborat ishchi guruhi “Navoiyuran” davlat korxonasiga tashrif buyurdi. 

Foto: Navoiyuran
Foto: Navoiyuran

Delegatsiya tarkibida “Orano Mining” kompaniyasi Parij maydonining geologiya-qidiruv bo‘yicha mutaxassisi Jyulen Salabert, tog‘-kon sanoati bo‘yicha katta ekspert Andreas Mittler, kon ishlari, iqtisod va konlarni rejalashtirish bo‘yicha mutaxassis Yermal Kopliku, tog‘-kon jarayonlari bo‘yicha ekspert Serxio Bustos, texnologik jarayonlar bo‘yicha mutaxassis Bertran Oliver Mari Kviniu, Katco kompaniyasining geofanlar bo‘yicha ijrochi direktori Yerlibek Bolat va geologiya bo‘limi boshlig‘i Baglan Quanishbayevlar bor.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad "Navoiyuran" davlat korxonasining ishlab chiqarish quvvatlari bilan yaqindan tanishish hamda barcha ishlab chiqarish jarayonlarini texnik auditdan o‘tkazish bo‘yicha texnik hamkorlik yo‘l xaritasini ishlab chiqishdan iborat. 

Dastlab kompaniya vakillari “Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori Jahongir Hasanov va boshqa mas’ul rahbarlar bilan uchrashdi. Uchrashuvda Strategik hamkorlik bo‘yicha kelishuv doirasida amalga oshiriladigan ishlar va ishchi guruhi oldida turgan vazifalar muhokama qilindi hamda korxonaning umumiy faoliyati bo‘yicha ma’lumot berildi.

Tashrif rejasiga asosan delegatsiya a’zolari korxona vakillari hamrohligida “Navoiyuran” DKning tarkibiy bo‘linmalari faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida joylarda bo‘lishdi.

Foto: Navoiyuran
Foto: Navoiyuran

Xususan, “Zafarobod” kon boshqarmasi, “Uchquduq” va “Nurobod” ishlab chiqarish maydonlari hamda ularga qarashli geotexnologik konlar, u yerdagi lokal sorbsion qurilmalar, ishlab chiqarish chiqindilarini qayta ishlash va reniy uchastkasi, unumdor eritmalarni qayta ishlash uchastkasi, Shimoliy Konimex va Moybuloq konlari, “Nurota” geologiya qidiruv ekspeditsiyasi, Plastmassa quvurlari va mahsulotlari ishlab chiqarish sexi, Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi, Uran ishlab chiqarish zavodi kabi o‘ndan ortiq obektlarda bo‘lib, ularning faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishib chiqildi.

Fransiyalik ekspertlar joylarda bo‘linma rahbarlari, muhandislar, geolog va geotexnologlar bilan uchrashib, korxona mutaxassislari tomonidan ularga uran konlarida olib borilayotgan geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlari, yer ostida ishqorlab eritmaga o‘tkazish, uran konsentratini ajratib olishdan tortib, uran oksidini ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha geologik va geotexnologik jarayonlar bo‘yicha ma’lumot berildi. 

Ushbu hamkorlik kelgusida uran xomashyo bazasini barqaror rivojlantirish, uni qazib chiqarish va qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi. 

Delegatsiyaning “Navoiyuran” davlat korxonasiga tashrifi 13 fevralga qadar davom etadi. 

"Navoiyuran" DK axborot xizmati

 

 
Mavzuga oid
Top