07:30 / 10.02.2023
14872

Rossiya yana Ukrainaga dronlar bilan hujum qildi

Ukrainaning bir qator viloyatlarida Rossiya qo‘shinlari tomonidan uchuvchisiz uchoqlar uchirilishi munosabati bilan havo ogohlantirish rejimi ishga tushirildi. 

Foto: Getty Images

Dnipropetrovsk viloyati aholisi mahalliy viloyat harbiy ma’muriyati tomonidan hujum haqida ogohlantirildi, Mikolayiv viloyatida kamida bitta uchuvchisiz uchish apparati urib tushirildi, deb xabar berdi viloyat politsiya boshqarmasi boshlig‘i Sergey Shayxet.

Rossiya va Eron rasmiylari Tataristonning Yelabuga shahrida Eronning Shahed-136 kamikadze dronlarini ishlab chiqaruvchi zavod qurishni rejalashtirmoqda, deb yozgandi The Wall Street Journal 5 fevral kuni manbalarga tayanib.

WSJ suhbatdoshlariga ko‘ra, yanvar oyi boshida Eronning generallar va qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchi kompaniyalar top-menejyerlaridan iborat yuqori martabali delegatsiyasi Rossiyaga kelgan. Ular zavod qurilishi rejalashtirilgan maydonga tashrif buyurishdi va loyihani ishga tushirish uchun zarur bo‘lgan tafsilotlarni muhokama qilishdi.

Oq uy Kremlning bunday niyatlari haqida o‘tgan yilning dekabr oyida xabar bergan edi, deya qayd etadi WSJ. Hozir, AQSh ma’muriyatining manbalariga ko‘ra, muzokaralar aniq rejalarga aylangan. Shu bilan birga, gazeta yozganidek, zavod qurilishi hali boshlanmagan va shuning uchun u hali frontdagi vaziyatga ta’sir qilmaydi.

Tehron va Moskva Eronning Shahed-136 dronining takomillashtirilgan, tezroq versiyasini ishlab chiqmoqchi. Rejaga ko‘ra, zavod «yaqin yillarda» 6 mingga yaqin dron ishlab chiqarishi mumkin bo‘ladi, deb yozadi WSJ.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top