12:08 / 17.02.2023
9463

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar bo‘yicha kelisha olmayapti

Elchilar Germaniya, Italiya va boshqa bir qator davlatlar sabab kelishuvga erisha olmadilar. Rossiyadan sintetik kauchuk yetkazib berish bo‘yicha kelishmovchiliklar yuzaga keldi, deya xabar beradi Politico.

Foto: TASS

Yevropa Ittifoqi davlatlari elchilari 15 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi bo‘yicha kelisha olmadi, deb xabar berdi Politico 16 fevral, payshanba kuni. Nashrning yozishicha, kelishmovchilik Rossiyadan asosan shinalar ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan sintetik kauchuk importini cheklash rejalari tufayli yuzaga kelgan.

Italiya, Germaniya va boshqa bir qator davlatlar ushbu xomashyoni Rossiyadan olib kirishni taqiqlash g‘oyasiga shubha bilan qarashdi, Polsha esa uni qo‘llab-quvvatladi. Politico Rossiyadan taqiqlanishi mumkin bo‘lgan sintetik kauchuk importini yiliga 700 million dollarga baholamoqda.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari boshlanganining bir yilligi munosabati bilan yangi, o‘ninchi sanksiyalar paketini qabul qilishni rejalashtirmoqda. Politico ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida cheklovchi choralarni yakunlash va kelishish uchun hali vaqt bor.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, navbatdagi sanksiyalar paketi "Tinkoff" banki, Alfa-bank va Rosbankka nisbatan cheklov choralarini o‘z ichiga olishi rejalashtirilgan. YeI rossiyalik jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan sanksiyalarni kengaytirish, harbiy ishlab chiqarish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan xomashyo va tovarlar, jumladan, noyob metallar va elektronika uchun savdo cheklovlarini joriy etish niyatida.

Ayni paytda, Politico ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni chetlab o‘tish imkoniyatini bartaraf etish uchun Rossiyaga va Rossiyadan rejadan tashqari reyslarni amalga oshiruvchi aviakompaniyalarga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirmoqchi. O‘z navbatida, EUobserver yangi jazo choralari doirasida Rossiyaga sanitariya-texnik vositalarni eksport qilishni taqiqlash ham mumkinligini xabar qildi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top