22:41 / 18.02.2023
53168

Qirg‘izistonning barcha prezidentlari uchrashib, bir-birini kechirdi 

Amaldagi prezident Sadir Japarov sobiq hamkasblarini bir dasturxon atrofida to‘plaganini aytdi. 

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatning barcha sobiq rahbarlari Asqar Akayev, Qurmanbek Bakiyev, Roza O‘tunboyeva, Almazbek Atambayev va Sooronbay Jyeenbekov bilan uchrashganini aytib berdi. 

«Men sobiq prezidentlarni bir dasturxonga atrofiga yig‘dim», deb yozdi amaldagi davlat rahbari o‘z sahifasida. Uning so‘zlarini Kaktus.media keltirdi. 

Prezident matbuot kotibi Erbol Sultanbayev uchrashuv neytral hududda bo‘lib o‘tganini aytgan. Ba’zi nashrlar talqiniga ko‘ra, ular Dubayda uchrashgan. 

Japarov, shuningdek, hokimiyat uchun abadiy kurash tufayli Qirg‘iziston uyg‘un rivojlana olmasligini, shu tufayli «Markaziy Osiyoning bir burchagida qolayotganini» aytdi. Uning fikricha, bunday uchrashuvni o‘tkazish mamlakat aholisini birlashtirish nuqtai nazaridan muhim. 

«Biz hammani birlashtirgan holda xalqning kelajagi haqida o‘ylashimiz kerak», dedi Japarov. 

Shuningdek, u «dastlab xalq saylagan va oxiri ayanchli bo‘lgan barcha prezidentlarni yig‘sak, balki bir mushtdek birlashgan yagona xalq bo‘lib qolamiz», degan o‘y o‘zini uzoq vaqtdan beri qiynaganini ta’kidladi. 

Japarovning qayd etishicha, sobiq prezidentlar uning «bir musht bo‘lish» tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular ham o‘z dardini gapirib, xatolarini tan olgan va bir-birini kechirgan. 

Mavzuga oid
Top