Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Japarov Qirg‘iziston va Tojikiston yarashishida Shavkat Mirziyoyevning o‘rni katta bo‘lganini aytdi
O‘zbekiston prezidenti ikki qo‘shni davlat rahbarlarini «fursatni boy bermasdan» kelishib olishga undagan.
Foto: Videodan kadr
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mahalliy «Region TV»da namoyish etilayotgan «Prezident» nomli hujjatli filmning 2-qismida Tojikiston bilan chegara muammosi qanday hal qilingani haqida gapirib berdi.
Jurnalist Aybek Biybosunga bergan intervyusida Qirg‘iziston rahbari Tojikiston bilan chegarada 2021 yil aprelida bo‘lib o‘tgan nizodan keyin o‘z yaqinlari, jumladan Qamchibek Tashiyevning e’tirozlariga qaramasdan, Dushanbeda Imomali Rahmon bilan muzokaralar o‘tkazgani, ammo 10 soat davom etgan muzokaralar samarasiz yakunlanganini aytib bergan.
O‘sha yilgi mojaro Tojikiston qurolli kuchlari nisbatan kuchliroq ekanini ko‘rsatgandi va shundan keyin Qirg‘iziston o‘z armiyasini kuchaytira boshlagan, jumladan, Turkiyadan Bayraktar Akıncı va Aksungur kabi rusumlardagi dronlar sotib olingan.
2022 yil sentabrida ro‘y bergan navbatdagi mojaroda esa ikki mamlakat armiyasi kuchlari tenglashgani ma’lum bo‘ladi. Qolaversa, Qirg‘iziston qurolli kuchlari havoda ustunlik qila boshlagandi.
U Tojikiston bilan kelishuvga erishda O‘zbekiston rahbarining xizmatlari katta bo‘lganini ta’kidlagan.
«Sammitlarda uchrashganimizda Rahmonga „O‘tirib gaplashib olaylik“ dedim. Avvaliga u rad etdi. Ikkinchi safar esa rozi bo‘ldi. Shu o‘rinda aytib qo‘yishim kerakki, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bu boradagi o‘rni juda katta bo‘ldi. U bizni «fursatni boy bermasdan, o‘zaro kelishuvga borish lozimligi»ga ko‘ndirdi. Shunday qilib, o‘tirib, [chegara nizosini] hal qilib oldik», – degan u.
Japarov Tojikistondan keyin O‘zbekiston bilan chegara masalalari muvaffaqiyatli hal qilingani haqida aytib o‘tgan.
Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jyeyenbek Kulubayev esa O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Markaziy Osiyo mamlakatlarini yaqinlashtiruvchi yetakchilardan biri sifatida e’tirof etgan.
«Doim aytib yurdi: qirg‘izlar bilan tojiklar sizlar kelishinglar, chegaradagi nizolarni to‘xtatinglar, agar sizlarda nizo bo‘laversa, bizga hech qanday investor kelmaydi, bizga hech qanday turist kelmaydi. „iston“ degan so‘z hammamizda bor, ular tushunmaydi Qirg‘izistonmi, Tojikistonmi, O‘zbekistonmi yo Qozog‘iston. „iston“ degandan so‘ng bizga hech kim kelmaydi, sizlar bunday yaqinlashinglar, deb aytib yurdi-da», – degan vazir.
Ma’lumot uchun, 2021 yil aprelida Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida aholining suvdan foydalanish bo‘yicha bahsi harbiylar ishtirokidagi qurolli to‘qnashuvga aylanib ketgan, natijada o‘nlab kishilar halok bo‘lgandi. Bu holat 2022 yil sentabrida ham takrorlanib, navbatdagi vayrongarchiliklar va qurbonlarga sabab bo‘ladi.
2025 yil mart oyida Sadir Japarov va Imomali Rahmon Bishkekda chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha 2002 yildan beri davom etib kelayotgan muzokaralarni yakunlab, o‘zaro kelishuvga imzo chekishgandi.
Ko‘p o‘tmay Xo‘jandda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlari ishtirokida «Do‘stlik» stelasining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid
11:23
Prezident prokuratura xodimlari va faxriylarini kasb bayrami bilan tabrikladi
18:09 / 07.01.2026
Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari ham AQSh vizasi uchun 15 ming dollargacha garov to‘laydi
18:53 / 05.01.2026
To‘qayev MDH davlatlari prezidentlari qanday sport turi bilan shug‘ullanishini aytdi
18:46 / 05.01.2026