17:07 / 10.03.2023
39838

Baxmut qurshov xavfi ostida. Ukraina shaharni nega topshirmayapti?

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin uning tuzilmalari Baxmut shahrining Baxmutka daryosi ortidagi butun sharqiy qismini egallaganini ma’lum qildi. Bu ma’lumotni Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) ham tasdiqladi – mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, ukrain armiyasi bu hududdan tartib bilan chekingan. Shu bilan birga, Rossiya qo‘shini Baxmutning g‘arbidagi ukrain garnizonini qurshovga tushirish harakatlaridan to‘xtamayapti.

Foto: Getty Images

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg seshanba kuni Baxmut yaqin kunlarda Rossiya nazoratiga o‘tishi mumkinligini aytdi, ammo uning so‘zlariga ko‘ra, bu urushda burilish nuqtasi ro‘y berganini anglatmaydi.

Kiyevda bir hafta oldin ham Baxmut tashlab ketilishi mumkinligi haqida signallar berilgandi va to‘g‘ridan to‘g‘ri strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan shahar uchun oxiriga qadar kurashish to‘g‘ri bo‘lmasligini aytishgandi. Ammo dushanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirokidagi yig‘ilishda Baxmut mudofaasini davom ettirishga qaror qilingani ma’lum bo‘ldi. Seshanba kuni Ukraina qurolli kuchlari quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni, general Aleksandr Sirskiy bir hafta ichida to‘rtinchi bor Baxmutga tashrif buyurdi.

Ukraina qurolli kuchlari Baxmut mudofaasini davom ettirishga qaror qilgani harbiy konsepsiya o‘zgarganini anglatadimi? Bu nima bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin? Ukraina qo‘mondonligi katta tavakkalchilikka qo‘l urmadimi?

Ukraina qurolli kuchlari uchun qanday xavflar bor?

Javob oddiy: agar rossiyaliklarning Baxmut g‘arbi va janubi-g‘arbdagi mudofaani yakson etishga harakat qilayotgan qanotdagi guruhlari o‘z maqsadiga erishsa va masalan, Chasiv Yar hududida birlashsa, shaharni himoya qilayotgan butun garnizon qurshovda qoladi.

Prigojin Ukrainaning Baxmut mudofaasidagi askarlari sonini 12–20 ming kishiga baholagan va bu haqiqatga yaqin.

Qurshov ehtimoli qanchalik yaqin?

Baxmut mudofaasiga tashlangan bunday yirik guruhni ishonchli tarzda bloklab qo‘yish uchun qanotlardagi mudofaani yakson etishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Birinchidan, buni juda tez va raqib uchun kutilmagan tarzda amalga oshirish kerak. Ikkinchidan, qisqa fursat ichida ichki va tashqi qurshov halqalari shakllantirish va chalg‘ituvchi zarbalar berishga harakat qilish zarur, aks holda yurish qilayotgan qismlar turli tomondan zarbalarga uchrab, parokanda qilinishi mumkin.

Foto: Reuters

Ko‘rinib turibdiki, Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi Baxmut qanotlardan tez va chuqur o‘rab olinishi tahdidini real deb hisoblamayapti. Qo‘mondonlik hisoblari bo‘yicha, vaziyat keskin yomonlashgan taqdirda ham garnizon shahardan chiqishga ulguradi va eng yomon holda qurshov yoppasiga yorib o‘tiladi.

Ukraina qo‘shini Baxmutka daryosi ortiga olib o‘tilganini shu bilan izohlash mumkinki, bu tabiiy to‘siq Baxmutni mudofaa qilishni faqat osonlashtiradi.

Va, ehtimol, ukrain harbiy rahbarlari o‘z rejasini tayyorlamoqda.

Rossiya qo‘shini uchun qanday xavf bor?

Prigojin Baxmut atrofidan ichkarilab borarkan, uning qanotlari qanchalik cho‘zilib borayotganini ko‘rib turibdi. U Rossiya Bosh shtabini o‘z yollanma kuchlariga yordam, jumladan mahbuslar hisobiga shaxsiy tarkibni to‘ldirishni so‘rab tinch qo‘ymayapti va aftidan u o‘zi ochiq ziddiyatga kirishgan Rossiya mudofaa vazirligiga u qadar ishonmayapti.

U Ukraina qurolli kuchlari Baxmut atrofida kamida to‘rtta zarbdor guruh tuzgani – Seversk, Slovyansk, Chasiv Yar va Konstantinovkada turgan bu guruhlar hali jangga kirmagani, ammo jiddiy xavf tug‘dirayotganiga e’tibor qaratmoqda: uning hisoblariga ko‘ra, ular uning xususiy harbiy kompaniyasi jangchilarini bloklab qo‘ymoqchi.

Foto: Reuters

«Va bu [ular uchun] tayyor «pirojnoye» bo‘ladi: nachinkasi – bu biz o‘rab olgan Ukraina qurolli kuchlari (agar Baxmut to‘liq o‘rab olingan taqdirda), qobig‘i esa – bu, amalda, «Vagner» XHK», – dedi Prigojin navbatdagi murojaatida.

Prigojinning fikricha, agar uning qo‘shini Baxmutdan chekinsa butun front chegaragacha parchalanadi, Qrim ham boy  beriladi, keyin esa Rossiya hukumati harbiy mag‘lubiyatda uning yollanma jangchilarini ayblaydi. Prigojin dramalashtirib yuborgan bo‘lsa ham, uning xavotirlarida jon bor.

«Vagner» uchun qanday xavf bor?

Oddiy rossiyalik odam ongida vagnerchilar muntazam armiyadan farqli o‘laroq, deyarli har qanday vazifani bajarishga qodir omadli askarlar qiyofasida shakllangan.

Ko‘p jihatdan urush tarafdori bo‘lgan blogerlarning sa’y-harakatlari evaziga Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi muvaffaqiyatlari asosan vagnerchilar nomiga yozilgan. Ular Rossiya bosh shtabi boshlig‘ini tiliga kelgan so‘z bilan so‘kishgacha bordi – va buning uchun ularga hech narsa bo‘lmadi. Prigojin qamoqxonalar bo‘ylab kezdi va ochiqchasiga mahbuslarni urushga yolladi. Ammo so‘nggi vaqtlarda vaziyat o‘zgara boshladi. Katta ehtimol bilan, Valeriy Gerasimov o‘zini qattiq haqoratlagan vagnerchilarni kechirmagan. Davlat ham zo‘ravonlik ustidan nazoratni yo‘qotayotganini anglab yetgan bo‘lishi mumkin.

«Men OAVda «orkestr»ni tilga olish yaqqol kamayishi tendensiyasini, shuningdek shaxsiy tarkibga yollash uchun pul evaziga ham reklama sotishni rad etishayotganini payqamoqdaman. Shuning uchun men vagnerchilarni obro‘sizlantirishlari haqida aytayotgan Prigojinning so‘zlariga qo‘shilaman», – deydi rossiyalik harbiy muxbir Aleksey Sukonkin.

Uning fikricha, kelgusida Rossiya hukumati «Vagner» XHK shaxsiy tarkibini Ukrainadan Rossiyaga qaytarishi va ularga faqat boshqa mamlakatlardagi ishlarni ishonib topshirishi mumkin. «Ammo kompaniyani rahbarsiz qoldirishga yoki uni to‘liq yo‘q qilishga harakat qilishlari ham mumkin», – deb hisoblaydi.

Ukrainada «Vagner» XHK safida o‘zi kimlar jang qilmoqda?

Avvalroq BBC rus xizmati tajribali yollanma jangchilar bu guruhning faqat o‘zagini – juda kam qismini tashkil etishi haqida yozgandi. Kompaniyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarda qatnashayotgan jangchilarining askari shoshilinch ravishda tayyorlangan ko‘ngillilar, ko‘pincha mahbuslar bo‘lib, ularning bir qismi faqat uzoq o‘tmishda qandaydir harbiy tajribaga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ular zamonaviy sharoitlarda yaxshi jang qila olmaydi, ularni qayta tayyorlashga vaqt yo‘q, shuning uchun bunday askarlardan asosan «to‘p yemi» sifatida foydalanilmoqda.

Bundaylarning soni kamaygan sari haqiqiy jangchilarni ham jangga tashlashga to‘g‘ri keladi, ukrainlarning o‘q va snaryadlariga esa kimga tegishning farqi yo‘q – ular diletantlarni ham, professionallarni ham birdek qiradi. Ammo mahbuslar ozodlikka chiqish uchun boshqa tanlov yo‘qligi tufayli «Vagner» bilan shartnoma tuzib, oldingi chiziqqa borishga rozi bo‘lgan bo‘lsa, haqiqiy yollanma jangchilar esa shundog‘am erkin va ehtiyotkor odamlardir.

Ha, yaxshi mukofot uchun ular ham tavakkal qilishga tayyor. Ammo ular hatto katta pul evaziga ham yaxshi tayyorgarliksiz Baxmut atrofida shturm qilgan sobiq mahbuslar kabi muqarrar o‘limga borishi dargumon. Aynan shuning uchunki, ular professional harbiylar va o‘z qadrini biladi.

Baxmut atrofida oldinga siljiyotgan vagnerchilarni bundan keyin ham majaqlashda davom etishga qaror qilgan Ukraina qo‘mondonligining qandaydir hisob-kitoblari, shuningdek harbiy intizomni bilmaydigan va o‘z rahbarini hurmat qilmaydigan qurolli guruh bilan ortiqcha muammo chiqishini istamaydigan Rossiya qo‘mondonligining istaklari ham shu omilga asoslangan bo‘lishi mumkin.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top