15:54 / 10.03.2023
16034

Keyingi parlament qanday bo‘lishi kerak?

Kelasi yil O‘zbekistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lishi kerak. Yangi chaqiriqdagi parlament 2025-30 yillar davomida faoliyat yuritadi. Xalq ishonadigan parlament ijtimoiy barqarorlik, mintaqaviy raqobat va global ijobiy reputatsiya uchun juda zarur.

Insoniyat tarixi tezlashmoqda. Jarayonlar zichlashmoqda. Bu nima degani? “Tarixning tezlashayotgani”, aslida, ilmiy atama. Olimlar tomonidan tan olingan fenomen. Bu, ma’lum davr ichidagi dunyo ahamiyatiga molik voqea-xodisalar sonining borgan sari oshib borishini nazarda tutadi.

Insoniyat globallashuvning yangi bosqichlariga sho‘ng‘imoqda. Informatsion texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar insonlarga misli ko‘rilmagan axborot almashinuvi, katta va erkin axborot oqimini taqdim qilishda davom etadi. Natijada, insonlarda borgan sari ancha erkin dunyoqarash shakllanaveradi.

Bu, bir tomondan, o‘zgarishlar uchun ulkan imkoniyat. Ayni paytda, davlat institutlari oldiga muhim vazifalarni ham qo‘yadi. O‘zbekiston jamiyati yaqin o‘tmishda qattiq avtoritarizm davrini yashadi. Bugun ham vaziyat ziddiyatli. Ijtimoiy tafakkurdagi qo‘rquv erib bormoqda. Lekin, davlat institutlarining faoliyati ijtimoiy so‘rovlarga, ehtiyojlariga mutanosib emas. Davlat institutlarida avtoritar fikrlash va ishlash kuchli.

Nima uchun jamiyat ishonadigan parlament kerak? O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, ikki davlat organining boshqaruvdagi roli beqiyos. Bu – prezidentlik va parlament institutlari. Prezident – yakka shaxs. Parlament esa, katta jamoa. Butun dunyoda parlamentlar ijtimoiy-siyosiy hayotning markazida turadi, aynan ushbu institut davlat legitimligini mustahkamlab beruvchi muhim markaz hisoblanadi.

Parlamentning qanday fikrlashi va ishlashi, uni shakllantirishdagi siyosiy konsensusga borib taqaladi. Ya’ni, parlamentga saylovlar naqadar erkin, siyosiy plyuralizm qanchalik ta’minlangan – mana shu omillar parlamentning salohiyatini, unga bo‘lgan ishonchni belgilab beradi.

Qonunchilikka ko‘ra, saylovlar parlament muddati tugashidan uch oy oldin e’lon qilinishi kerak. Yangi partiyalar esa, saylov kampaniyasi e’lon qilinishidan kamida olti oy oldin ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak. Bu degani, agar kelasi 2024 yil fevral-mart oylarigacha yangi partiyalar tuzilmasa, ro‘yxatdan o‘tmasa, 2030 yilgacha O‘zbekistonda yana “bir partiyali” parlament saqlanib qolaveradi.

O‘zbekistonda rasman beshta partiya bor. Lekin, O‘zbekiston jamiyati va tashqi dunyo, parlamentimizni, de-fakto “bir partiyali” deb qabul qiladi. Hech kimga sir emaski, parlamentga bo‘lgan ishonch past. Bu esa, globallashgan davrda, jiddiy siyosiy nuqson.

Tushunaman, siyosatchilarda “erkin va plyuralistik parlament – xavfli bo‘lishi mumkin” degan qarash bor. Lekin, siyosiy zehniyat shunday bo‘lishi kerakki, muammoni yopish, inkor qilish emas, uni ertaroq anglash va unga yechim izlash kerak.

Demak, O‘zbekistonda parlamentarizmni jonlantirish, uni real siyosiy institutga aylantirish uchun, roppa-rosa bir yil qolyapti. Bu, muhim qaror qabul qilish uchun, vaqt yetar.

O‘zbekistonga yangi partiyalar kerak. Parlament saylovlari ham o‘zgartirilsa, yaxshi bo‘lardi. Misol uchun, Qonunchilik palatasining yarmi majoritar, yarmi partiya ro‘yxatlari asosida shakllantirilsa, partiyalarning jonlanishiga, g‘oyaviy kuchayishiga turtki bo‘lardi.

O‘zbekiston hokimiyati oldida katta tanlov turibdi. Yoki davlat institutlarini, jumladan, parlamentni erkinlashtirish va jonlantirish. Yoki, ta’bir qilib bo‘lmaydigan jamiyat bilan birga yashash. Chunki jamiyat davlatning institutlariga ishonmasa, xalqni, odamlarni ta’bir qilish qiyin bo‘ladi.

Parlamentni erkinlashtirishdan qo‘rqmaslik kerak. Parlamentda erkin partiyalar va deputatlarning bo‘lishi, aslida, davlatning barcha tarmoqlari uchun faqat foyda bo‘ladi. Erkin va xalq ishonadigan parlament, O‘zbekistonda barqarorlik uchun, mintaqaviy raqobat va global reputatsiya uchun juda muhim. Qo‘shni Qozog‘iston ancha jiddiy ma’muriy siyosiy islohotlarni boshladi. 2030 yilga qadar Rossiyada katta siyosiy o‘zgarishlar kutiladi.

Mana shu fonda, O‘zbekiston xalq ishonadigan parlamentni shakllantirishi kerak bo‘ladi. Buning uchun esa, odamlar ishonadigan partiyalar, deputatlar va saylov tizimi kerak. Parlament qanchalik erkin bo‘lmasin, davlat organlarining o‘zaro munosabati, muloqoti vaziyatni izdan chiqarmaydi. Asosiysi, erkin va o‘zaro hurmatli muloqot madaniyati. Bu narsani esa, ijroiya hokimiyati yo‘lga qo‘ya oladi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Mavzu
Rabbimov fikri
Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning Kun.uz'dagi mualliflik kolonkasi
Barchasi
Top