16:47 / 14.03.2023
10554

Toshkentda ikkita katta chinor yoqib yuborildi

Poytaxtning Yangihayot tumanida 2 ta yirik chinor noma’lum shaxslar tomonidan yoqib yuborilgan. Holat yuzasidan ishchi guruh o‘rganish olib bormoqda.

Foto: Ekolog.uz

11 mart tunida Toshkent shahar Yangihayot tumani Marg‘ib ko‘chasidagi ikki tup chinor noma’lum shaxslar tomonidan yoqib ketilgan. Bu haqda ekologik yangiliklarni yoritib boruvchi Ekolog.uz Telegram-kanali xabar berdi.

“Kuzatuvchilarimizning xabar berishicha, kecha kechqurun Toshkent shahar Yangihayot tumani Marg‘ib ko‘chasidagi bir nechta Chinor daraxti qasddan yoqib ketilgan.

Aytishlaricha, ushbu hududda qurilish rejalashtirilmoqda. Daraxtlar shu sababli ham yo‘q qilinayotgan bo‘lishi mumkin. Tegishli tashkilotlardan zudlik bilan holatni o‘rganib, rasmiy munosabat bildirishini so‘raymiz”, – deyiladi xabarda.

Xabarga ilova qilingan suratlarda 2 tup chinor daraxti yong‘in natijasida qayta tiklanmaydigan holatga kelganini ko‘rish mumkin.

Kun.uz muxbiri bog‘langan Yangihayot tumani hokimining matbuot kotibi Nigina Hakimovaga ko‘ra, holat bo‘yicha ayni paytda tuman ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar va ekologiya bo‘limlari ishtirokida tuzilgan ishchi guruh o‘rganish olib bormoqda.

Foto: Ekolog.uz 

“Bunda hozirga qadar 1 ta chinor daraxti o‘sishdan to‘xtamaydigan darajada zararlangani, ikkinchi chinor daraxtining esa ichki qismi to‘liq yonib ketgani va o‘sish ehtimoli yo‘qligi aniqlandi. Shu bois, aholi xavfsizligini inobatga olgan holda, daraxt tegishli tashkilot mas’ullari tomonidan bartaraf etilishi ko‘zda tutilgan.

Hozirda hudud atrofidagi kameralar o‘rganilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, – dedi hokimlik vakili.

Hakimovaning qo‘shimcha qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda daraxtlarning hududda qurilish ishlari amalga oshirilishi sababli yoqilgani bo‘yicha tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

“Hududdan “Qorayo‘l-1” kollektori o‘tgan bo‘lib, mazkur muhofaza hududda qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi”, – dedi Nigina Hakimova.

Top