14:06 / 28.03.2023
5698

Toshkentda mehmonxona xizmatlarini ekosertifikatlash masalalari muhokama qilindi

27 mart kuni Toshkentdagi “InterContinental Hotel” mehmonxonasida mehmonxona xizmatlarini ekosertifikatlashga doir xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati

Xalqaro konferensiya Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “Switch Asia” dasturi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi ko‘magida “Markaziy Osiyoda barqaror turizm uchun model: salohiyatni yaratish, xabardorlikni oshirish, texnologiyalarni joriy etish” (MOST) loyihasi doirasida tashkil etildi. Tadbirda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonim ishtirok etdi.

Konferensiyaning tantanali ochilish marosimida tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda turistik sektorda yashil texnologiyalarni qo‘llash va ulardan faol foydalanishning muhimligini ta’kidlab o‘tdi.

“Bugungi kunda ekologik barqarorlik raqobatbardoshlikning muhim omili bo‘lib bormoqda. Ekologik xabardorlikni oshirish, xalqaro standartlarni joriy etish, samarali ekologik texnologiyalarni qo‘llash mamlakatda turistik tarmoqni yanada rivojlantirishning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. O‘zbekiston prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2020 yil 28 sentabrdagi yig‘ilishda ta’kidlab o‘tganidek, mahsulotning sifati va raqobatbardoshligini oshirish uchun milliy standartlarni xalqaro talablarga muvofiq darajaga keltirish va ularni korxonalarda joriy etish muhimdir. Agar mahsulot xalqaro standartga muvofiq bo‘lmasa, u hech qachon raqobatbardosh bo‘la olmaydi”, – dedi Aziz Abduxakimov.

O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian o‘z nutqida O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyot bo‘yicha milliy dasturining muhimligi va Yevropa Ittifoqining barqaror “yashil” rivojlanish yo‘lida O‘zbekiston bilan hamkorlikda ishlashga tayyorligini ta’kidladi.

YeI O‘zbekistonning yashil iqtisodiyot bo‘yicha milliy dasturi qabul qilinishini va 2030 yilgacha “yashil” rivojlanishni qo‘llab-quvvatlaydi. Uzoq istiqbolga mo‘ljallangan ushbu hujjat issiqxona gazlari chiqarilishini qisqartirish, qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish va resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan.

Ushbu maqsadlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun YeI inklyuziv, o‘zaro mos va barqaror o‘sish modelini yaratish hamda barqaror yashil rivojlanishga intilish ustida O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlikda birga ishlashga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ma’lumot uchun: MOST loyihasining umumiy maqsadi – O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘istonda barqaror turizmning yangi va maqbul strukturalangan modelini ilgari surishdir.

Loyihaning aniq maqsadlari: barqaror ishlab chiqarish va iste’mol amaliyotini joriy etishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha tegishli bilim va vositalarni taqdim etish orqali O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘istondagi sayyohlik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash, barqaror turizmni rivojlantirish, bu haqdagi xabardorlikni oshirish va iste’molchilarning barqaror iste’mol to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishga yordam beradigan siyosatni rejalashtirish va amalga oshirishda mintaqaviy va mahalliy hokimiyat organlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari, kichik va o‘rta korxonalar hamda barqaror ishlab chiqarish va iste’mol bo‘yicha yakuniy foydalanuvchilar o‘rtasida muloqotni kuchaytirish hisoblanadi.

Top