14:55 / 10.03.2017
24453

Prezident Buxoro temir yo‘l vokzalidagi sharoitlar bilan tanishdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi davomida Buxoro temir yo‘l vokzalida bo‘lib yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati xabar bergan.

2016 yil avgustida, Mustaqillik bayrami arafasida Toshkent – Buxoro yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob elektr poyezdining ilk qatnovi amalga oshirilgandi.

Prezident mazkur yangi Afrosiyob elektropoyezdi imkoniyatlari, yo‘lovchilar uchun yaratilgan qulayliklari bilan yaqindan tanishgan. 

«2011 yildan boshlab hozirgacha yurtimizda 2 yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob elektropoyezdi yo‘lovchilarga xizmat qilib kelmoqda. Yangi zamonaviy elektropoyezdi oldingilariga qaraganda keng imkoniyatga ega. Xususan, shu vaqtga qadar harakatlanayotgan yuqori tezlikdagi elektropoyezdlar 215 yo‘lovchi sig‘imiga ega bo‘lib, 2 ta VIP, 2 ta biznes va to‘rtta ekonom toifali vagonlardan iborat. Yangi poyezd esa 287 yo‘lovchi sig‘imiga ega. Unda ekonom toifali vagonlar soni 2taga ko‘p. Bu bir vaqtning o‘zida qo‘shimcha 72 yo‘lovchini o‘z manziliga etkazish imkoni demakdir.

Tez kunlarda zamonaviy elektropoyezdning ikkinchisi ham yurtimizga olib kelinadi. Poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish barobarida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilib, 15 mashinist va 50 ga yaqin vagon kuzatuvchilarini ish bilan ta'minlash nazarda tutilgan. Shuningdek, «O‘ztemiryo‘lmashta'mir» sho‘ba korxonasi hududida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarga xizmat ko‘rsatish sexi qurilmoqda. Bu ham yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish imkonini beradi», deyilgan xabarda.

Top