13:52 / 06.06.2017
244902

Rustam Azimovning yangi ish joyi ma'lum bo‘ldi

Rustam Azimov «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasiga rahbarlik qiladi. Bu haqdagi ma'lumotni bir qator manbalar «Kun.uz»ga ma'lum qilishdi.

Tahririyat kompaniya matbuot xizmatiga bog‘langanida, bu ma'lumotni hali tasdiqlay olmasliklarini, lekin bugun soat 16:00da kompaniyada navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilishi kutilayotganini aytishdi. Aynan shu yig‘ilishda yangi direktor tanishtirilishi kutilmoqda.

«O‘zbekinvest» 1994 yilning 13 aprelida Vazirlar Mahkamasining 206-sonli qarori bilan tashkil etilgandi. Ushbu kompaniya umumiy sug‘urta bozorida faoliyat olib boradi va sug‘urta faoliyati klassifikatoriga ko‘ra mavjud 17 turdagi sug‘urtaning barchasi bilan shug‘ullanadi. Kompaniya ta'sischilari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (50 mln dollar) va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki (10 mln dollar) hisoblanadi.

Kompaniya vazifasi maqbul narxlardagi yuqori sifatli sug‘urta xizmatlarini taqdim etish orqali O‘zbekiston Respublikasi sug‘urta bozorining rivojlanishiga ko‘maklashishdir.

Kompaniyaga 2005 yildan buyon Faxriddin Saidahmedov rahbarlik qilib kelmoqda edi.

Bugun O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov lavozimidan ozod etilgani ma'lum bo‘ldi.

Top