23:25 / 30.08.2017
73151
«Barchasiga bo‘yiga o‘sib, eniga kengayib borgan ko‘cha industriyasi aybdor». Moliya instituti javob qaytardi
Foto: Toshkent moliya instituti

«Saytda «Maxsus guruhlar Toshkent moliya institutida ham ishlagani gumon qilinmoqda» nomli maqola e'lon qilingandan so‘ng, institut ma'muriyati boshqa Oliy ta'lim muassasiga bo‘lgani kabi, biz ham sayt xodimlari tomonidan murojaat qilinishini kutgan edik. Ammo, sayt tomonidan murojaat bo‘lmaganidan so‘ng mazkur holatga o‘z munosabatimizni bildirishni lozim topdik», — deb boshlanadi Toshkent moliya institutining tahririyatimizga jo‘natgan xati.

Institutga joriy yilda hujjat topshirayotgan abituriyentlarga barcha ma'lumotlarni oshkor qilish, shaffoflikni ta'minlash maqsadida 2017–2018 o‘quv yili uchun bakalavr va magistratura bo‘yicha qabul kvotalari ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari kesimida «Xalq so‘zi» gazetasining 2017 yil 15 iyun sonida e'lon qilindi.

Ammo dastlabki o‘n kun davomida abituriyentlar hujjat topshirishi sust bo‘lgani bois, rahbariyat tomonidan targ‘ibot ishlarini kuchaytirish so‘raldi. So‘ngra biz tomondan ta'lim oluvchilarning sevimli gazetasi bo‘lgan «Ma'rifat» gazetasining 24 iyun sonida e'lon berildi.

E'tirof etish joizki, shundan keyin hujjat topshiruvchilar soni keskin orta boshladi va o‘tgan yilga nisbatan joriy yilda 1112 nafar abituriyent ko‘p hujjat topshirdi. Shuningdek, qabul to‘g‘risidagi ma'lumotlar bir vaqtning o‘zida ham institut saytida, ham Davlat test markazi saytida davriy ravishda e'lon qilib borildi. Ko‘rib turganingizdek, bu yerda hech bir yo‘nalish va uning kvotasini yashirish imkoniyati yo‘q.

Abituriyentlarga maksimal qulaylik yaratish maqsadida har bir yo‘nalish va ular kesimidagi fakultet hayotini aks ettiruvchi targ‘ibot stendlari qo‘yish bilan birga, har bir yo‘nalish bo‘yicha kunlik topshirilgan hujjatlarni aks ettiruvchi e'lonlar doskasi ham barcha uchun ko‘rinarli joyda turdi. Abituriyentlar mazkur ma'lumotlar bilan tanishib, topshiradigan yo‘nalishini aniqlab olgandan keyin hujjatlarini topshirishga muvaffaq bo‘lishdi.

«Toshkent moliya instituti qabul komissiyasida abituriyent xohlagan yo‘nalishiga hujjat topshira olmaydi, topshirgan taqdirda ham boshqa yo‘nalishga o‘tib qoladi» mazmunidagi fikr ham asossizdir. Biz bunga umuman yo‘l qo‘yganimiz yo‘q. Chunki, qabul davomida abituriyent qaysi yo‘nalishga hujjat topshirgan bo‘lsa, o‘sha yo‘nalish bo‘yicha test topshirib chiqdi. Bitta holatda «Davlat byudjyetining g‘azna ijrosi» yo‘nalishiga topshirdim, ammo hujjatlarim «Moliya» yo‘nalishidan chiqib qoldi», mazmunida Prezident portaliga shikoyat tushdi. Ammo ushbu abituriyent chaqirtirilib, masalaga oydinlik kiritilganda, hujjatlar o‘zi topshirgan yo‘nalishda ekanligi ko‘rsatib berilgandi. U «ko‘chada menga shunday deb aytishgani uchun yozdim», deb javob berdi. Keyin adashganligi, tushunmovchilik asosida ko‘chadagi gaplarga ishonib, shunday qilganligi va TMI qabul komissiyasiga e'tirozi yo‘qligini yozma ravishda ma'lum qildi

Maqolada muallif «Qabul jarayonida ma'lum bir yo‘nalishlarga soxta abituriyentlar hujjat topshiradi», degan fikr bildirgan. Ammo, shuni ta'kidlash lozimki, bu jarayonlarda oliy ta'lim muassasasi aybdor qilinsa-da, aslida Milliy Universitet rektori professor A.Marahimov ham ta'kidlab o‘tganidek, ko‘cha industriyasining roli juda katta ekanligini alohida qayd etish joiz. Amaldagi holatni aytadigan bo‘lsak, test tizimida ko‘cha industriyasi bu yil, o‘tgan yili yoki to‘rt yil oldin paydo bo‘lgani yo‘q, albatta. Bu industriya paydo bo‘lishi 2000-yillardan boshlangan va har yili o‘z takomiliga ega bo‘lib, bo‘yiga o‘sib, eniga kengayib borgan tizimli muammo bo‘lmoqda!

Joriy yilda huquqni muhofaza qilish organlari, Davlat test markazi, OO‘MTV va har bir OTM bunday takomilga ega bo‘lgan industriyaga qarshi astoydil jiddiy kurash olib bordi. Muayyan natijalarga ham erishildi. Ammo, ming afsus, to‘liq qamrab olinmadi. Chunki bu industriyada tizimlashgan ishtirokchilar ham ko‘p, ko‘lami ham keng va tomiri ham chuqur ketgan. Qabul jarayonida nomaqbul yo‘l tutishga asos bo‘ladigan bir qator omillar mavjud bo‘lib, shulardan asosiylari quyidagilardan iborat. Xususan:

- yoshi katta (hattoki 35–43 yosh orasida) fuqarolarning yoppasiga guruh-guruh bo‘lib turli yo‘nalishlarga hujjat topshirishi. Ularning maqsadi o‘zi o‘qishga kirishi emas, balki qandaydir «missiya»ni bajarishga kelayotganligi shundoqqina ma'lum. Chunki iqtisodiyotni qaysi sohasiga qiziqishi va kasbga yo‘naltirish bo‘yicha suhbatlashsangiz, sizni eshitishni ham xohlamasligi, o‘ziga buyurtma berilgan yo‘nalishga tezroq hujjat topshirib chiqishga shoshayotganligi ko‘rinib turdi;

- DTM tomonidan aniqlangan ma'lumotga ko‘ra, Toshkent moliya institutini 2015; 2016 va 2017 o‘quv yilida tamomlagan (hattoki OTMlarda o‘qiyotgan talabalar ham bor) 37 kishi respublikaning turli OTMlariga hujjat topshirganligi ma'lum bo‘lgan. Shulardan 4-5 nafari bitta OTMning bir yo‘nalishiga hujjat topshirgan;

- O‘zlari o‘zbek tilida ta'lim muassasini tugatgan, ammo rus tilida gaplasha olmaydigan, hattoki namuna arizani ham yoza olmaydigan abituriyentlar guruh-guruh bo‘lib rus guruhlariga hujjat topshirishi. Rus tilini bilmasligini aytib, o‘zbek guruhiga hujjat topshirishni taklif etsangiz, rad etib agar hujjatim hozir qabul qilinmasa, prokuratura yoki portalga murojaat qilishi bilan tahdid qiladi (amaldagi Nizom bo‘yicha xohlagan tiliga hujjat topshirishi mumkinligi belgilangan).

Mana, tahlil qilib ko‘ring, bir yo‘nalishda 15ta kvota mavjud. 1 o‘ringa 4 abituriyent to‘g‘ri kelganda ham, ko‘pi bilan 60ta hujjat tushadi. Bu bor yo‘g‘i 1ta (60ta), nari borsa 2ta (30:30) guruhga bo‘linadi. Bu ko‘cha industriyasi uchun juda qulay imkoniyat. Chunki, guruhlar ham yonma-yon tushadi. Agar ushbu guruhlarga 4-5 ko‘cha tilidagi «parovoz» yoki «kalla» tushsa bo‘ldi, masala hal bo‘ldi-qo‘ydi. Yuqorida keltirilgan ayrim yo‘nalishlardagi Davlat test markazi savolnomasidagi raqamlar ketma-ketligi bo‘yicha o‘qishga kirgan abituriyentlar ana shunday guruh-guruh bo‘lib hujjat topshirish natijasi bo‘lish ehtimolidan xoli emas. Bu holatga imkon qadar test jarayonlarida qarshi kurashildi, pirovardida o‘nlab abituriyentlar bir-birining testini yechayotganda, turli shpargalka va telefonlardan foydalanayotganda qo‘lga tushib, tegishli tartibda dalolatnoma tuzilib, testdan chetlashtirildi. Vaholanki, testga kirish jarayonida ham mazkur abituriyentlar obdon tekshiruvdan o‘tgandi.

1 avgust kuni binoga kirishda bir darvozadan kamida 1500 abituriyent o‘tadi. Taomilga binoan, qisqa muddatda tez tekshiruvdan o‘tkazish zarurati tufayli har qanday Sherlok Holmsning ham uzog‘i bilan 50 abituriyent pasport va yuziga qarab qiyoslagandan so‘ng ko‘zi o‘ziga bo‘ysinmay boshlaydi (!). Tajribasi ko‘p bo‘lgan, yaxshi ma'lumotga va takomilga ega bo‘lgan soxta abituriyentlar buni yaxshi bilib, keyingi o‘rinlarda kela boshlaydi. Oxir-oqibat guruhlar ichiga kirib ketish imkoniyati osonlashadi;

DTM muqaddam mahalliy OTMni bitirgan va hozirda tahsil olayotgan talabalar reyestr ro‘yxatini keltirib ularni qisman to‘xtatish imkoniga ega bo‘lmoqda, albatta. Ammo, Rossiyada o‘qiyotgan hamyurtlar, Toshkent shahridagi xorijiy OTM filiallarida tahsil olayotganlar talabalar tarkibi DTM reyestrida yo‘q-ku?! Bularni esa aniqlash amri mahol. Aminmizki, aynan mana shular ham amaldagi test tizimidan samarali foydalanib, qabul jarayoniga soya solmoqda.

Toshkent moliya instituti qabul komissiyasi ham mazkur holatlarga qarshi amalda kurashdi. Maqolada keltirilgan «parovoz», «zaychik», «kalla», «tolkach» kabi yoshi katta abituriyentlarlarni bir guruhga jamlash va ularni qurolsizlantirish bo‘yicha ro‘yxatini ilova qilgan holda Davlat test markaziga rasmiy xat bilan chiqdi.

Test jarayonlarida turli noxolislik holatlari mavjud bo‘lganligi sababli bu masalalar jamoatchilik tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Ammo ko‘chada bo‘layotgan turli «o‘yin»lar natijasi oxir-oqibat oliy ta'lim muassasasi gardaniga tushmoqda. Chunki test muayyan oliy ta'lim muassasasida bo‘lib o‘tadi.

Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, amalda test tizimi davr talabiga butunlay javob bermay qoldi. Buning qing‘ir tomonini o‘zlashtirganlar ko‘lami shu qadar kattaki, uning tomiriga bolta urish mushkul masala. Davr keldi, endi test jarayonini butunlay boshqa shaklda va vaqtlarda o‘tkazish zarurati vujudga kelganligini e'tirof etib, quyidagi takliflarni keltirishni burchimiz, deb hisoblaymiz. Jumladan:

- Birinchidan, hujjatlarni onlayn topshirishni yo‘lga qo‘yish. Shunda boshqa yo‘nalishga topshirib, boshqa yo‘nalishdan chiqib qolibdi kabi savollarga o‘rin qolmaydi;

- Ikkinchidan, testni bir kunda emas, ma'lum bir grafik asosida, jamoatchilik nazorati ostida katta pavilonlarda kuzatuv kameralari orqali yoritilgan holda kompyuterlarda o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish;

- Uchinchidan, barcha abituriyentlarga tanlagan yo‘nalishiga turdosh bo‘lgan yo‘nalishlarga o‘tish balini hisobga olgan holda, o‘tish ballidan yuqori ball to‘plagan abituriyentlarga o‘qishga kirish imkoniyatini yaratish.

Toshkent moliya instituti ham barcha fuqarolarimiz uchun qabul jarayonini shaffof, adolatli o‘tkazish tarafdori, ammo buning uchun barcha birdek harakat qilishi, turli qing‘irliklarga barcha birdek kurashishi zarur.      

Shaxsan biz ham qabul jarayoni boshlangan dastlabki kunlardan boshlab, ma'lum va mashhur ko‘cha industriyasiga qarshi bir qator choralarni ko‘rdik, biroq ming afsus natija biz kutgandek, to‘liq ijobiy bo‘lmadi.

Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, «KUN.UZ» sayti xodimlari va jurnalistlari, shuningdek, barcha o‘quvchilarni kirib kelayotgan mustaqillik, Qurbon hayiti va yangi o‘quv yili bilan qutlab, har biringizga mustahkam sog‘liq, oilaviy tinch-totuvlik, ma'naviy barkamollik va albatta, o‘sib boruvchi moliyaviy barqarorlik yo‘ldosh va yor bo‘lishini tilab qolamiz.

Toshkent moliya instituti rektorati

Tahririyatdan: Avvalo, O‘zMU kabi chiqishlarimizni bee'tibor qoldirmasdan, javob xati yo‘llagan TMI rahbariyatiga o‘quvchilarimiz va ijodiy jamoamiz o‘z minnatdorchiligini bildiradi. («Narxoz» jim turgani fonida bu katta e'tibor, albatta).

Ikkinchidan, oliy o‘quv yurtlarimiz abituriyentlarning nopok yo‘llar bilan o‘qishga kirishida allaqanday «ko‘cha industriyasi», oliy o‘quv yurtiga aloqasi yo‘q bo‘lgan insonlarni  ayblab, OUYuning bunda ishtiroki yo‘qligini ta'kidlab kelishmoqda.

Bunday nopok yo‘llar bilan o‘qishga kirishning oldini olish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ro‘kach qilinayotgan esa-da, «ko‘cha industriyasi»ining «biznesini kasod» qilishning birdan-bir yo‘li — 1 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan umumilliy test sinovlari orqali o‘qishga kirgan abituriyentlarning bilimi yakuniy qabuldan oldin oliy o‘quv yurtida ham birrov sinab olinishi, abituriyentning bilimi talabga javob berilmasa, o‘qishga qabul qilinmasligi borasida muayyan takliflar bildirilmayapti. Faqatgina mana shunday jo‘yali taklif 1 avgustdagi nopok ishlarga oliy o‘quv yurtining mutlaqo aloqasi yo‘qligini anglatar edi.

«Maxsus guruhlar» Toshkent moliya institutida ham ishlagani gumon qilinmoqda

Top