22:55 / 20.12.2017
13655

Xotin-qizlar qo‘mitasi IIV bilan hamkorlikda jinoyatchilikka qarshi ish olib bormoqda

Xotin-qizlar qo‘mitasi IIV bilan birgalikda har bir hududda uch toifadagi jinoyatlarni sodir etgan, jinoyatga moyil bo‘lgan, uyushmagan xotin-qizlar bilan jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha ishlar olib bormoqda. Ana shu ishlar natijasida ayollar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish ko‘rsatkichlarining 14 foizga kamayishiga erishildi. KUN.UZ muxbiri 20 dekabr kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan "Huquqbuzarliklar profilaktikasi: yil sarhisobi" mavzuidagi matbuot anjumanida taqdim etilgan  ma'lumotlarga asosan shu haqida xabar berdi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari G. Ma'rufova bergan ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida huquqiy-me'yoriy hujjatlarni takomillashtirish, oilaviy ajrimlarning oldini olish maqsadida Oila kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Oliy Majlis palatasiga kiritildi. Sud va FXDYo organlariga ajrashish uchun ariza bergan oilalar to‘g‘risida mahallalarda xabardor etish majburiyati kiritilmoqda.

Shuningdek, Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qo‘mita faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmon loyihasi ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, oiladagi ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish va bu borada jamoat tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. Unga asosan, respublikadan tortib to eng quyi bo‘g‘ingacha jamoatchilik nazorati tashkil etildi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha qanday ishlarni amalga oshirdi?

- Birinchidan, takomillashtirish bo‘yicha farmon loyihasini ishlab chiqdi;

- Ikkinchidan, xotin-qizlar o‘rtasida joriy yilning 15 dekabriga qadar barcha hududlarda "Yo‘l xaritalari" qabul qilindi. Ana shu yo‘l xaritalariga asosan, notinch oilalar va jinoyatchilikka moyilligi bo‘lgan ayollarning ro‘yxati shakllantirildi va ular bilan yakka tartibda manzilli ishlar tashkil etildi;

- Uchinchidan, joriy yilning 15 dekabrigacha har bir tuman, shahar bo‘yicha sektorlar kesimida og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollar, ayniqsa, yosh xotin-qizlar bandligini ta'minlash bo‘yicha dastur ishlab chiqildi. Kam ta'minlangan oilalar, yolg‘iz onalar, nogiron farzandi bor ayollar, imkoniyati cheklangan xotin-qizlar, turmush o‘rtog‘i jazo muddatini o‘tayotgan ayollar, uy-joy muammosi mavjud bo‘lgan ayollarga alohida e'tibor qaratildi;

- To‘rtinchidan, joriy yilning 25 dekabrigacha yil yakuni bo‘yicha hamma salbiy ko‘rsatkichlarni ko‘rib chiqib, ular bo‘yicha yana sarhisob qilinadi.

2018 yilning I choragi uchun rejalar

1. Hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlar kesimida og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollar, ayniqsa yosh xotin-qizlar bandligini ta'minlash;

2. Xotin-qizlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha manzilli ishlarni tashkil etish va jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etishga notinch oilalar vakillari bilan ishlashga asosiy e'tibor qaratish;

3. Jamoatchilik nazorat tashkilotlari aholining muammolarini hal etishda manzilli ishlashini ta'minlash hamda hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha tashkil etilgan sektorlar bilan hamkorlikda ishlashni yo‘lga qo‘yish;

4. Yangi yildan boshlab har bir tumanda xotin-qizlarni qo‘mitalar qoshida tashkil etilayotgan Maslahatlashuv markazlarini to‘liq yo‘lga qo‘yish, ularni malakali kadrlar bilan ta'minlash va ularning funksional vazifalari nizomlarini ishlab chiqish.

Top