17:37 / 30.12.2017
273732

Islom Karimovning oilasi haqida yangi ma'lumotlar e'lon qilindi

Islom Karimov fondi O‘zbekiston birinchi prezidentining oilasiga aloqador yangi fotosuratni e'lon qildi. Shuningdek, bu borada qator ma'lumotlar berilgan. Bu haqda jamg‘armaning “Feysbuk”dagi sahifasida xabar qilindi.

Karimovlarning ushbu oilaviy fotosurati 1928 yilda, ya'ni Islom Karimov tavalludidan 10 yil avval olingan. Suratda u kishining ota-onalari Abdug‘ani ota (1894 yilda tug‘ilgan) va Sanobar aya (1902 yilda tug‘ilgan) hamda opa-akalari Mehriniso (1920 yilda tug‘ilgan), Amonullo (1922 yilda tug‘ilgan), Ibodullo (1926 yilda tug‘ilgan) aks etgan.

Foto: Facebook/IslamKarimovFoundation

Qayd etilishicha, oilada sakkiz farzand o‘sib ulg‘ayadi: bir qiz – Mehriniso va yetti aka-uka: Amonullo, Ibodullo, Arslon, Quddus, Ikrom, Islom, Xurshid. 

“Xizmatchi bo‘lib ishlagan Abdug‘ani bobo vazminfe'l, o‘ziga ham, boshqalarga ham qattiqqo‘l, talabchan edilar. Avvalo o‘zi qat'iy intizom va tartib-qoidaga rioya etgan ota farzandlaridan ham shuni talab qilar edi. Mahalla-ko‘yning ehtiromini qozongan edilar. 
Sanobar aya esa uy bekasi edilar. U kishi nasl-nasabli oilada tavallud topgan bo‘lib, padari buzrukvorlari mulla-sharif, ya'ni o‘z davrining mo‘'tabar ulamolaridan edi. Bilimga chanqoqlik, kuchli xotira, zukkolik va sabr-toqat kabi fazilatlar butun umr Sanobar ayaga yo‘ldosh bo‘ldi. Munis onaizor o‘z hayotini oila va xonadon saodatiga bag‘ishladi.

Karimovlar oilasida barcha o‘g‘il farzandlar oliy ma'lumot oldi, ulardan uch nafari maktabni oltin medalga bitirdi, uch nafari fan nomzodi bo‘ldi – Ibod G‘aniyevich, Quddus G‘aniyevich va Islom Abdug‘aniyevich. Bu o‘sha davr uchun ham, bugungi kun uchun ham kamyob hodisadir. Keyinroq Islom Karimov akademik darajasini oldi.

Barcha aka-ukalar juda kuchli xotiraga ega edilar. Bu qondan qonga o‘tib kelgan fazilat bo‘lsa ne ajab. Aka-ukalar o‘zaro musobaqalar o‘tkazishar edi, masalan, biror matn o‘qilib, uni yoddan aytib berish borasida bellashilar edi. Keyinroq aka-ukalardan biri oliy o‘quv yurti o‘qituvchisi, biri sudya, boshqalari xizmatchi, olim va… Prezident bo‘ldi.
Ziyoli bu oilada o‘g‘illarning munosib ta'lim olishiga birlamchi vazifa sifatida e'tibor qaratilgan edi. Vaqtning o‘zi bu hayotiy tutum qanchalar to‘g‘ri bo‘lganini ko‘rsatdi”, - deyiladi jamg‘arma xabarida.

Top