O‘zbekiston | 16:52 / 03.02.2018
37623
4 daqiqa o‘qiladi

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasi haqida ma'lumot berildi

Foto: KUN.UZ

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash Kontseptsiyasi – mamlakatda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy tamoyil va ustuvor yo‘nalishlari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirgi murakkab globallashuv davrida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir sharoitda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bilan bog‘liq dolzarb vazifalar va ularni hal etish yo‘llari, davlat va nodavlat tashkilotlar, oila, mahalla, ta'lim-tarbiya institutlarining bu boradagi roli va ahamiyatini, o‘zaro hamkorligini milliy va xalqaro huquqiy normalarni hisobga olgan holda belgilab beradi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Mazkur Kontseptsiyada yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasiga jismonan va ma'nan sog‘lom avlodni tarbiyalashga oid yaxlit ta'lim-tarbiya tizimining uzviy va ajralmas bir qismi sifatida qaralib, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi talablari asosida milliy va jahondagi ilg‘or tajribalar, bugungi O‘zbekiston hayotidagi real ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda takomillashtirish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. 
 
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari asosan to‘rt  bosqichda amalga oshiriladi:

Birinchi bosqich (3-7 yoshdagilar) atrofdagi olam, Vatan haqida dastlabki tasavvurlar  paydo bo‘ladigan bosqich hisoblanib, unda oila va maktabgacha ta'lim muassasalarida bolalarga turli she'rlar, kuy va qo‘shiqlar o‘rgatish, multfilm va turli o‘yinlar namoyish etish, rasmlar chizish orqali dunyoni anglash, davlat ramzlari (bayroq, gerb, madhiya) bilan tanishish asosida ularda ona yurtga muhabbatni shakllantirishni o‘z ichiga oladi.

Ikkinchi bosqichda (7-16 yoshdagi bolalar) o‘quvchilarning Vatanga muhabbati va sadoqatini mustahkamlash, harbiy xizmatga va ona yurt oldidagi farzandlik burchini yuksak mas'uliyat bilan bajarishga bo‘lgan havasini oshirish, ularda Qurolli Kuchlarimizga bo‘lgan ijobiy fikrlarni yanada kuchaytirish, yoshlarning jismonan sog‘lom, kuchli va irodali ma'naviy yetuk, keng dunyoqarashli, mustaqil fikr yuritadigan barkamol inson sifatida shakllantirish kabi ezgu ishlarga da'vat etiladi. 

Uchinchi  bosqich (16-18 yoshdagi o‘smirlar) yoshlarda Vatanga va uning himoyasi uchun munosib xizmat qilishga ruhan va jismonan tayyorlikni ta'minlashga yo‘naltiriladi. 

To‘rtinchi bosqich (18-30 yoshdagilar) yoshlarning jismoniy va ma'naviy qobiliyati, yetakchilik ko‘nikmalari va intellektual salohiyati, umumiy va professional malakasini oshirish, ularni o‘z ustida muntazam ishlash, sog‘lom hayot kechirishga undash va shunga erishishni nazarda tutadi. 

Mazkur Kontseptsiya yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining samaradorligini oshirish, ularda yuksak ma'naviy-axloqiy fazilatlar, fuqarolik pozitsiyasi, Vatanni sevish va uni ko‘z qorachig‘idek asrashga qaratilgan bilim va ko‘nikmalarni oshirish uchun uslubiy asos bo‘lib xizmat qiladi. 

Kontseptsiyaning amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish, Vatanga fidoyilik va sodiqlik bilan xizmat qilishga bo‘lgan mas'uliyatini oshirish, milliy armiya saflarini zamonaviy bilim va professional malakaga, mustahkam iroda, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan yoshlar bilan to‘ldirib borish imkonini beradi.

Mavzuga oid