00:14 / 11.04.2018
52534

Masjidda o‘g‘irlik qilgan shaxs 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Shu yilning 24 yanvar hamda 15 fevral kunlarida Toshkent shahrida joylashgan Minor masjidida o‘g‘rilik sodir etgan shaxs ustidan sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. «Kun.uz» manbasi ma'lum qilishicha, u 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Sudlanuvchi asli farg‘onalik bo‘lgan Abdullayev Shaxboz muqaddam sudlangan bo‘lib, birinchi marta o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganida jarima jazosi bilan chegaralangan, ikkinchi marta firibgarlik jinoyatini amalga oshirganida unga nisbatan amnistiya akti qo‘llanilgan, 2015 yilda uchinchi marta o‘g‘irlik jinoyatini qilgan vaqtida 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, lekin 2017 yil yozida Ohangaron tuman sudining ajrimiga ko‘ra, qolgan jazo muddati oylik ish haqidan ushlab qolish sharti bilan, axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan edi.

Jazolardan xulosa chiqarmagan Shaxboz joriy yilning 24 yanvar va 15 fevral kunlari Minor masjidi tahoratxonasiga kirib, ilgakka ilingan, nazoratsiz qolgan jabrlanuvchilarning kiyimlaridan jami 1 million 150 ming so‘m pullarini o‘g‘irlagan.

10 aprel kuni jinoyat ishi sudya A.Mirzaxanov boshchiligida, M.G‘iyasov kotibligida va taraflar ishtirokida ochiq sud majlisida ko‘rildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi tomonidan jazoni yengillashtiruvchi (qilmishidan pushaymonligi, oilaviy sharoiti va boshqalar) va og‘irlashtiruvchi (ilgari ham masjidlardan pul o‘g‘irlab kelganligi va boshqalar) barcha holatlarni hisobga olinib, u Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Farg‘ona shahar sudining 03.06.2015 yildagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 8 (sakkiz) yilga ozodlikdan mahrum etildi. Jazo qattiq tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi.

Hukmdan norozi taraflarga yuqori turuvchi sudga shikoyat qilishi yoki protest bildirish huquqi tushuntirildi.

Bundan oldinroq Minor masjididagi o‘g‘rilik tasvirlari e'lon qilingandi.

Top