13:19 / 16.04.2018
29811

Avtomobil transportida yuklarni tashish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi 

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining 7.04.2018 yildagi 277-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yuklarni tashish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
10 iyuldan boshlab tez buziladigan yuklarni tashish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalarini ekspert tekshiruvlari asosida majburiy ko‘rikdan o‘tkazish joriy etiladi.
 
Avtotransport vositalarining egalari yoki egalarining nomidan ularga egalik qiluvchi, foydalanuvchi va (yoki) tasarruf etuvchi shaxslar quyidagi muddatlarda avtomobilni ekspert tekshiruvi uchun taqdim etishlari shart:

• yangi tayyorlangan avtotransport vositalarining ekspert tekshiruvi ular tayyorlanganidan 6 yildan so‘ng;
• kelgusi yillarda esa — har 3 yilda.
 
Tekshiruvlar ariza beruvchining talabnomasi va u bilan tuziladigan shartnoma asosida «O‘zstandart» agentligida akkreditatsiya qilingan laboratoriya tomonidan o‘tkaziladi. Tekshiruvlar chog‘ida avtoning bunday turdagi transport vositalari uchun belgilangan talablarga muvofiqligi tekshiriladi.
 
Laboratoriya talabnomani 1 ish kuni ichida ro‘yxatga oladi va 2 ish kuni mobaynida ariza beruvchiga tekshiruv bayonnomasi nusxasini beradi. Bayonnomaning asl nusxasi ariza beruvchi guvohnomani oladigan O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi yoki uning hududiy boshqarmasiga beriladi.
 
Guvohnoma berish uchun yig‘im undirilmaydi.
 
Hujjat bilan quyidagilar ham joriy etilmoqda:
 
avtomobil transportida tashish uchun taqdim etiladigan tez buziladigan yuklar ro‘yxati;
 
bitta avtotransport vositasida birga tashishga ruxsat beriladigan tez buziladigan yuklar guruhi. 
 
Hujjat 10.07.2018 yildan kuchga kiradi.

Top