02:25 / 17.05.2018
73043

Ramazon oyining boshlanishi bir kunga o‘zgarganiga mutaxassislar nima deydi?

Bugun Quyosh botishi bilan kurrai zaminni barokatlarga to‘ldirib muborak oy, jumla musulmonlar intiqib kutgan Ramazoni sharif kirib keldi. Ma'lumki, o‘zbekistonliklar orasida shu oy boshlanishi, keyinchalik Iyd Ramazon bayrami kuni belgilanishi bilan bog‘liq turli fikrlar ko‘payadi. Ijtimoiy tarmoqlarda kimdir Saudiyada falon sanada boshlandi, desa, yana kimdir Iyd kuni 1 kunga farq qildi, degan so‘zlarni keltiradi. Achinarlisi, bu har yili Ramazon arafasida avjiga chiqadi. 

Xo‘sh, umuman yangi oy qanday tartibda aniqlanadi? Uni ilmiy va diniy yondashuv jihatidan qanday izohlash mumkin?

Biz ayni savol bilan dastlab O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti bo‘lim mudiri Sobit Ilyosovga murojaat qildik. Ilmiy mutaxassisning bildirishicha, 2018 yilgacha Ramazon oyining birinchi kuni ayrim davlatlarga qarab belgilangan. 

“Avvallari Ramazon oyini belgilashda qo‘shni yoki boshqa davlatlarga qaralardi. Bu yil, birinchi marta Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi va Astronomiya instituti bilan hamkorlikda Ramazon oyining boshlanishi ilmiy asosda belgilandi. Yangi oyning boshlanishi uchun dastavval Oyni ko‘rish kerak.  

O‘zbekistonda Oyning tug‘ilishi Toshkent vaqti bilan 15 may soat 15-50ga to‘g‘ri keldi. O‘zbekiston sharoitida yangi oy tug‘ilganidan so‘ng, uni ko‘rish uchun kamida 29 soat vaqt o‘tishi kerak bo‘ladi. Mana bugun 29 soatdan ko‘proq vaqt o‘tdi hamda Quyosh botgandan so‘ng Oy ko‘rindi. 

Sobit Ilyosov

Oyning ko‘rinishi uchun esa, 3 shart talab etiladi. Bular: oy yoshi (bizda 29 soatlikdan oshdi), Quyoshning botishdagi balandligi va Quyosh hamda Oyning botish va ko‘rinishdagi daqiqalardagi farqi. Shu 3 shart bajarilsa, yangi oy boshlangan bo‘ladi. Shunga ko‘ra, Quyosh botishi bilan Ramazon oyi kirdi, deb bemalol ayta olamiz va 17 maydan saharlikka turish mumkin bo‘ladi”, - dedi Sobit Ilyosov.

Muqaddas Islom dini shariatida bu masalaga qanday izoh beriladi? Saodaat asrida ham shunday holatlar, ya'ni turli kunlarda ro‘za tutish holatlari bo‘lganmi?

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nurimon Abul Hasan bu kabi savollarga oydinlik kiritdi.  

“Aytmoqchimanki, Islom shariatida Ramazon oyining boshlanishini belgilab beruvchi omillar va aniq ko‘rsatmalar bor. Ramazon oyi boshlanganini belgilashda asosiy shart yangi Oyning ko‘z bilan ko‘rilishidir. Maxsus yollangan odamlar ko‘zlari bilan yangi Hilolni ko‘rishlari shartdir. Bu yilgi Ramazon oyi boshlanishining belgilanishida, alohida ta'kidlash o‘rinliki, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Musulmonlaar idorasi va olimlar hamkorlik qilishdi. 

Nurimon Abul Hasan

Mutaxassis sifatida yana shuni aytib o‘tishim kerak, har yili fuqarolar o‘rtasida Ramazon oyi boshlanishi bilan bog‘liq turli tushunmovchiliklar paydo bo‘ladi. Buning asosiy sababi oyni ko‘rib ro‘za tutish to‘g‘risidagi hadisi-sharifni mazmunini tushunmaslikdadir. 

Payg‘ambaarimiz sallollohu alayhi vasallam bu borada muayyan bir davlat yoki joyni belgilab bermaganlar. Har qanday musulmon o‘zlari istiqomat qilib turgan hududda Oy ko‘rinishiga bog‘liq ravishda Ramazon ro‘zasini tutishi kerak. Xususan, “Fatovoi Ramazon” kitobida, aytaylik, saudiyalik fuqaro Ramazon oyida O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi fatvosiga asosan ro‘za tutishi kerak bo‘ladi. 

Shunday ekan, yana bir marta ta'kidlash joiz, Ramazon taqvimida oy boshlanishi Oy ko‘rinishiga qarab bir kunga farqlanishi mumkin, degan qaydlar mavjud. Bundan tashqari, O‘zbekiston hududida Ramazon oyi hamda Hayit kunlarini belgilovchi vakolatli organ O‘zbekiston Musulmonlari idorasi hisoblanadi va ular qasddan xato qilsa, Qiyomat kunida o‘z fatvolari uchun javob beradi”, - dedi Nurimon Abul Hasan. 

Azizlar, KUN.UZ sayti Kurrai zaminimizga kirib kelgan muborak va muqaddas Ramazoni sharif bilan barcha mo‘min-musulmonlarni qutlaydi! Bu oy barchamizga qut-baraka olib kelsin! Iymonimiz yanada mustahkam bo‘lishi, muborak oyni munosib tarzda o‘tkazishni Alloh hammamizga nasib etsin! Turli xil arzimagan narsalar bilan emas, balki barchaga birdek foydali ish bilan shug‘ullanishni nasib etsin!

Mavzuga oid
Top