Light | 15:51 / 31.05.2018
93654
6 daqiqa o‘qiladi

Zamonaviy o‘qituvchiga kerak bo‘lgan 8 ta asosiy xislat

Biz g‘aroyib davrda yashayapmiz: atrofimizdagi olam juda tez sur'atlarda, tanib bo‘lmas darajada o‘zgaryapti. Shuning uchun o‘sib kelayotgan avlod bilan ishlaydigan o‘qituvchi quyidagilarga tayyor bo‘lishi kerak:

O‘zgarish. Bu eng qiyini, biroq to‘laqonli shaxs sifatida mavjud bo‘lish uchun zarur bo‘lgan shart.

O‘z xatolarini tan olish. Hech narsa qilmagan kishigina xato qilmaydi. O‘qituvchi esa bundaylar toifasiga kirmasligi aniq.

Rivojlanish. Agar jahon sur'ati bir necha avlodlar davomida o‘zgarmagan bo‘lsa, hozirda u shu qadar tez sur'atlarda rivojlanyaptiki, “Alisa Ko‘zgu orti mamlakatida”gi Qora qirolicha aytganidek, o‘z joyida qolish uchun “oyoqni qo‘lga olib yugurish kerak”.

O‘qituvchi zamonaviy o‘quvchilar nima bilan yashayotganini ham tushunishi kerak.

Bundan tashqari, o‘qituvchi zamonaviy o‘quvchilar boshqacha ekanini yodda tutishi lozim. Ular internetda yashashmoqda, ularda katta odam madaniyati yo‘q. Foyda keltirish va o‘z mehnati mahsulidan bahra olish uchun zamonaviy muallim va o‘qituvchilar quyidagi sifatlarga ega bo‘lishi kerak.

Foto: O‘zA

1. Bolalarga hurmat

Odatda “O‘qituvchi bolalarni yaxshi ko‘rishi kerak” deyishadi. Biroq bu fikr juda mavhum va turli talqinlarga sabab bo‘lishi mumkin. Axir yaxshi ko‘rish tushunchasi juda ko‘p qirrali. Hurmat tushunchasi bilan bari oddiy.

O‘quvchini hurmat qilish – demak, unda oppoq qog‘ozni emas, shaxsni ko‘rish demakdir.

2. Tolerantlik

Insonlarning bari turlicha. Ba'zida odam o‘zgalarga o‘xshamaganligi uchun ham g‘ashimizni keltiradi: bosh kiyimini boshqa kiyadi, o‘zgacha qaraydi. Agar u o‘zini tabiiy tutayotgan va axloq-odob qoidalarini buzmayotgan bo‘lsa, bunga e'tibor berish kerakmi? Odamning shaxsiy fikrga ega bo‘lish huquqi haqida ham shunday deyish mumkin.

Gap yagona to‘g‘ri javob berish mumkin bo‘lmagan savollar haqida ekan, kutilmagan va original takliflarni darhol o‘chirib tashlash yaramaydi. Ular standart javoblarga qaraganda ko‘proq mos keladigan bo‘lishi mumkin. Bolalar kattalar kabi “qolipga tushib qolgan fikrlar” bilan o‘ylashmaydi, shuning uchun erkin fikrlashadi.

O‘quvchining o‘zgacha bo‘lish huquqini tan oling. Balki siz yangi Eynshteynni kamol toptirayotgandirsiz.

Foto: FireStock

3. O‘qituvchi o‘zining xizmat ko‘rsatayotganini tushunishi

Nima uchundir bu band ko‘plab o‘qituvchi va ota-onalarning jahlini chiqaradi. Balki gap obro‘dadir. “O‘qituvchi” so‘zi iftixor bilan jaranglaydi.

4. Haqiqiy narsalar bilan hurmatga ega bo‘lishga tayyor turish

Balandparvoz so‘zlar, buyruq ohangi bilan zamonaviy bolada taassurot uyg‘ota olmaysiz. Bari “gamburg”cha hisob-kitob bilan bo‘lishi kerak: yaxshi o‘qituvchi o‘z fanini yaxshi biladi, uning foydasini tushuntira oladi va materialni qiziq qilib yetkazadi.

Qo‘rqitish – befoyda. Hozirgi bolalar avvalgi odamlar qo‘rqqan narsalardan hadiksirashmaydi.

Foto: Pixabay

5. Chegarani his qilish

Bu ruhiy chegaralarga (“ko‘ngilga tegmaslik”) ham, shaxsiy bilimlarga ham tegishli. Axir bolalar ba'zi jihatlarda o‘qituvchilarga nisbatan ko‘proq narsalardan boxabar.

6. O‘z vazifasini tushunish

O‘qituvchi “Gugl” qidiruv tizimida topish mumkin bo‘lmagan foydali bilimlarni berishi kerak (agar aksi bo‘lsa, u vaqtini bekorga sarflayapti).

Foto: FireStock

7. O‘z-o‘zini tanqid qilish

Agar o‘qituvchi o‘z faoliyatini tahlil qilib, uni qanday rivojlantirish haqida o‘ylasa, u ko‘p narsaga erishadi. Hamma ham adashishi mumkin. Katta amaki va xolalar ham bundan mustasno emas. Bolalar buni qancha tez anglasa, shuncha yaxshi.

8. O‘z-o‘ziga shama qilish

Jiddiy bo‘lmaslik va o‘zini hazil qilish qobiliyati – zo‘riqishlarga qarshi turishning tarkibiy qismi. Jamiyatdagi hayot uchun ham a'lo xislat.

O‘z-o‘zini hazil qilish murakkab vaziyatni yumshatib, chalg‘ish va qiyin masalalarni hal etishga yordam beradi.

Albatta, xislatlarning bariga ega bo‘lish ham oson emas. Ko‘p hollarda maktabda o‘qituvchilarni tanlab olish imkoniyati mavjud emas. Biroq shunga qaramay, idealga qarab intilish zarur.

Siz bu borada qanday fikrdasiz? Zamonaviy o‘qituvchi qanday bo‘lishi kerak? Fikringizni kutib qolamiz.

Mavzuga oid