Solih Qosimovning maktabga chiqqaniga hali bir yil ham to‘lgani yo‘q. Shunday bo‘lsa-da u ingliz tilida erkin gaplashadi, matematika va fizika fanlaridan yuqori sinf darsliklaridagi masalalarni bemalol yecha oladi, kosmos hamda atomlar haqida o‘z tasavvurlari bor. Qizig‘i, Solih bog‘chaga bormagan. Kun.uz muxbiri yosh vunderkind bilan suhbatlashdi. Shuningdek, uning otasi bola uy sharoitida til va fanlarni ustozsiz qanday o‘zlashtirgani, xonadondagi muhit haqida gapirib ham berdi.
Solih Qosimov ayni vaqtda Toshkent shahridagi xususiy maktabning 1-sinf o‘quvchisi. Oilada to‘ng‘ich farzand. Otasining aytishicha, uning qobiliyati – tug‘ma. Bola kichik yoshidan savol berishga qiziqib, atrofdagi voqealarni yaxshiroq tushunishga intilgan. Ko‘cha-ko‘yda yurganda esa peshtaxtalardagi yozuvlarni o‘qiy boshlagan.
“Solih 2-3 yoshidan “nega?”, “qanday?” degan savollarni ko‘p berardi. Atrofdagi har bir hodisani yaxshiroq anglashga harakat qilardi. Ko‘chaga onasi bilan aylantirishga olib chiqqan paytlarimizda peshtaxtalar, bannerlardagi yozuvlarni o‘qishga urinardi”, – deydi To‘lanboy Qosimov.
Bolakay hozirda ingliz tilida erkin gaplasha oladi. U tilni mustaqil tarzda, asosan, tinglash va muloqot orqali o‘rgangan. Multfilmlar, platformalardagi videolar yosh vunderkindga tilni tabiiy muhitda o‘zlashtirish imkonini bergan. Solih grammatik qoidalarni yodlab emas, amalda tushunib gapira boshlagan.
“Ingliz tilini multfilmlar tomosha qilib o‘rgandim. Qoidalarni yodlamaganman. Qahramonlar nima deyayotganini ilg‘ashga harakat qilardim. Ba’zi so‘zlar notanish bo‘lsa, rasmlarga qarab bilib olardim”, – deydi Solih.
Matematika va fizika fanlariga qiziqish esa bolakayda biroz keyinroq paydo bo‘lgan. Dastlab, oddiy hisob-kitoblar bilan boshlangan mashg‘ulotlar vaqt o‘tib murakkab masalalarga ulangan. Otasining aytishicha, bolaga hech qachon “majburiy dars” o‘tilmagan: u o‘zi qiziqqan savoliga javob izlagan, xolos.
“Biz unga alohida reja tuzib, darslar o‘tmadik, repititorga yubormadik. Solih nimaga qiziqsa, o‘sha yo‘nalishda material topib berardik. Masalan, bir kuni sonlar haqida so‘radi, so‘ng formulalar, keyin esa murakkab masalalarga o‘zidan o‘zi qiziqib ketdi. YouTube platformasida xorijiy professorlarning videolarini tomosha qilib, murakkab misollarni yechishni boshladi. Hozir 12-sinf darsliklaridagi ayrim masalalarni bemalol ishlay oladi”,














