13:35 / 13.06.2018
72782

Farg‘ona viloyatidagi bir tuman hokimi ishdan olindi, yana bir tuman «to‘rtligi»ga oxirgi ogohlantirish berildi

12 iyun kuni Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani hokimligida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi vaqtida viloyatdagi Furqat tumani hokimi ishdan olingan.

«Kun.uz» muxbiri xabar qilishicha, Furqat tumani hokimi Ahadjon Mamayunusovich Madaminov hamda uch sektor rahbari (tuman bosh militsioneri, tuman bosh soliqchisi va tuman prokurori) ishdan ketgan. 

Viloyatning Uchko‘prik tumani «to‘rtligi» esa qattiq tanqid qilinib, oxirgi marta ogohlantirilgan. Farg‘ona viloyati matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda Uchko‘prik tumani hokimi Mahammadjon Qalandarovich Dehqonov hisoblanadi. Undan oldingi hokim Yo‘lchiboy Boyjigitov shu yilning aprel oyida bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qattiq hayfsan olgandi (ta'lim tizimi xodimlarini ko‘cha tozalash, mahallalarni obodonlashtirish, yo‘l chetlariga gul ekish va dala ishlariga muntazam ravishda jalb etib kelgani uchun). U qachon ishdan bo‘shatilib, o‘rnini Dehqonov egallagani haqida internetda ma'lumot mavjud emas.

Shuningdek, Dang‘ara tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Rustamjon Tojiyev sektor rahbari sifatida hududidagi vaziyatga e'tibor bermagani uchun ishdan olingan. U 2017 yilning fevralida Dang‘ara tuman IIBga boshliq etib tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil aprelida Dang‘ara tumani eshak go‘shti mojarosi tufayli «mashhur» bo‘lgandi.

Top