Iqtisodiyot | 13:50 / 18.09.2018
182617
6 daqiqa o‘qiladi

Dollar kursi nega ko‘tarilmoqda? Markaziy bank izohi

18 sentabrdan dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi roppa-rosa 8 039 so‘m bo‘ldi. Bu o‘tgan haftadagi kursga nisbatan 176 so‘m 83 tiyinga o‘sishdir. O‘zbek so‘mi 2017 yil 5 sentabridan buyon — mamlakatda valyuta liberalizatsiyasi boshlanganidan beri dollarga nisbatan hali hech bu qadar qadrsizlanmagandi.

Markaziy bank valyuta almashuv kursi dinamikasi to‘g‘risida axborot taqdim etdi. Unda O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi ko‘tarilayotganiga izoh berilgan.

Oxirgi uch oyda tashqi iqtisodiy sharoitlarining o‘zgarishi ichki valyuta bozorida milliy valyuta almashuv kursining shakllanishiga o‘z ta'sirini ko‘rsatdi.

O‘tgan yilning sentabr oyidan boshlab valyuta almashuv kursi bozordagi xorijiy valyutaga bo‘lgan joriy talab va taklif holatidan kelib chiqib shakllanib kelmoqda.

Valyuta kursining o‘zgarishi oldingi yillarda kuzatilgan doimiy devalvatsiya tendensiyasidan farqli ravishda, joriy yilda ichki va asosan tashqi omillar ta'sirida shakllanib, turli yo‘nalishdagi dinamikaga ega bo‘lmoqda.

2018 yilning yanvar-iyul oylarida valyuta kursi dinamikasi asosan mavsumiy omillar ta'sirida shakllandi.

Xususan, yanvar oyida eksport va xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining nisbatan kam bo‘lganligi sharoitida milliy valyuta almashuv kursi 8139 so‘m/dollardan 8089 so‘m/dollargacha pasaydi.

Shu bilan birga, mart-iyul oylarida eksport va boshqa manbalardan valyuta tushumlarining oshishi natijasida so‘mning almashuv kursi teskari dinamikaga ega bo‘lib, birinchi avgust holatiga 7782 so‘m/dollargacha qadri oshdi.

Bundan tashqari, chet el valyutasidagi kreditlar hajmining tez sur'atlarda o‘sishi va depozitlar dollarizatsiya darajasining pasayishi ichki valyuta bozoridagi xorijiy valyutaga bo‘lgan talabni qisman qondirilishiga xizmat qildi. Shuningdek, milliy valyutadagi muddatli va jamg‘arma depozitlar hajmining oshishi ham so‘m almashuv kursining shakllanishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatdi.

Joriy yilning avgust oyidan boshlab almashuv kursi dinamikasiga tashqi omillar, ayniqsa asosiy savdo hamkorlarimiz bo‘lgan davlatlar milliy valyutalarining qadrsizlanishi (Rossiya – 19 foiz, Qozog‘iston – 17 foiz, Xitoy – 9 foiz, Turkiya – 56 foiz) ta'siri kuchaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu davlatlar valyutalari kurslarining keskin o‘zgarishi so‘m almashuv kursiga bir oydan uch oygacha bo‘lgan muddatdan keyin o‘z ta'sirini ko‘rsatadi.

Natijada so‘mning real almashuv kursi ushbu davlatlar valyutalariga nisbatan qadri sezilarli darajada oshdi (Rossiya rubliga nisbatan 29 foizga, Qozog‘iston tangasiga nisbatan 22 foizga, Turkiya lirasiga nisbatan 67 foizga, Xitoy yuaniga nisbatan 14 foizga).

Ushbu holat mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini pasaytirib, ichki valyuta bozoridagi talab va taklif darajasiga ta'sir etmoqda.

Birinchidan, yuqorida qayd etilgan valyutalarning keskin devalvatsiyasi tashqi bozorlarda mahalliy eksportchilar mahsulotlarini qimmatlashuviga olib kelib, ularning valyuta tushumlarini qisqartirdi.

Ikkinchidan, ichki bozorda mahalliy mahsulotlar narxlarining chet elda ishlab chiqarilgan mahsulotlar narxlariga nisbatan raqobatbardoshligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Bu, o‘z navbatida, chetdan import qilishni rag‘batlantirgan holda, xorijiy valyutaga qo‘shimcha talabni keltirib chiqarmoqda.

Uchinchidan, jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan xalqaro pul o‘tkazmalarining asosiy qismi to‘g‘ri keladigan davlatlar valyutalarining qadrsizlanishi, ushbu davlatlardan mamlakatimizga yuboriladigan pul o‘tkazmalari hajmining kamayishiga olib keldi.

Shu bilan birga, 2018 yilning qolgan oylari so‘m almashuv kursining yil boshidagi darajasiga nisbatan keskin o‘zgarishi kutilmayapti.

Valyuta kursining joriy dinamikasi tashqi omillar ta'sirini yumshatib, iqtisodiyotimizni o‘zgaruvchan tashqi sharoitlarga moslashishiga yordam beradi. Xususan, Xalqaro pul o‘tkazmalari va eksportdan tushadigan tushumlarning kamayishi sababli yuzaga keladigan yo‘qotishlar, almashuv kursi pasayishi natijasida uning so‘mdagi ekvivalentining oshishi hisobiga ma'lum darajada qoplanadi.

Markaziy bank tomonidan kelgusida ham, almashuv kursining fundamental trendiga ta'sir etmagan holda, uning keskin tebranishlarini oldini olish maqsadida, ichki valyuta bozorida intervensiyalar amalga oshirib boriladi.

Markaziy bankning ichki valyuta bozoridagi ishtiroki oltin-valyuta rezervlari hajmini oshirish yoki ulardan valyuta almashuv kursini ma'lum darajada ushlab turish uchun foydalanish maqsadlarini ko‘zlamaydi. Avval ta'kidlanganidek, Markaziy bank «oltin-valyuta rezervlar neytralligi» tamoyiliga amal qilishni davom ettiradi.

Bunda, Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozorida xorijiy valyutani sotish, ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan oltin hajmi doirasida likvidlikni sterilizatsiya qilish maqsadida amalga oshiriladi. Interventsiyalar hajmi ichki valyuta bozoriga kelib tushadigan xorijiy valyuta tushumlarining mavsumiyligi ta'sirida oylar orasida o‘zgarishi mumkin.

Milliy valyutaning qadrsizlanishi ichki narxlar shakllanishiga ma'lum darajada ta'sir ko‘rsatadi. Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘m almashuv kursining bir foizga qadrsizlanishi yillik inflyatsiya sur'atini o‘rtacha 0,2 foiz bandga tezlashishiga olib keladi.

Tashqi omillar o‘zgarishi va so‘m almashuv kursi dinamikasining inflyatsiya darajasi hamda inflyatsion kutilmalarga ta'sirini kamaytirish maqsadida pul-kredit siyosati yo‘nalishlariga tegishli o‘zgartirish kiritish masalasi Markaziy bank Boshqaruvining joriy yil 22 sentabridagi yig‘ilishida muhokama qilinadi.

Mavzuga oid