20:32 / 06.10.2018
12854

U-Report: O‘zbekistonda yangi innovatsion loyiha ishga tushirildi

5 oktabr kuni poytaxtda U-Report nomli yangi raqamli platformani ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Kun.uz muxbiri.

Tadbirda davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari hamda maktab o‘quvchilari, kollej va universitet talabalari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi a'zolari ishtirok etdi.

U-Report loyihasi YUNISEF va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan Oliy Majlis Senati va Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ucell kompaniyasi ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Mazkur interaktiv vosita yoshlar va hukumatni o‘zaro yaqinlashtirishga imkon beradi.

U-Report yoshlarga ularning hayotiga taalluqli bo‘lgan muhim masalalar muhokamasida ishtirok etish imkonini beradi. Loyiha doirasida yigit-qizlar SMS, Facebook, Telegram orqali doimiy ravishdagi so‘rovnomalarda ishtirok etadilar.

So‘rovnomalarning natijalaridan hukumat, Yoshlar ittifoqi va Parlamentda qarorlar qabul qilish jarayonida foydalanish mumkin. 

“Bu uzoq muddat davomida yoshlarga foyda keltiradigan hamda O‘zbekistonni ijtimoiy-siyosiy rivojlanishidagi keyingi bosqichga olib chiqadigan siyosatni yanada mukammallashtirishda muhim rol o‘ynaydi. Yoshlar ularning ovozi hisobga olinayotganini ko‘rsa, kuchli daxldorlik va fuqarolik ishtiroki hissini tuyadi”, dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann.

Mazkur platforma dunyoning 49ta mamlakatida mavjud bo‘lib, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib ushbu innovatsion tashabbusni boshladi.

Top