16:42 / 11.12.2018
7233
Toshkent moliya instituti Malayziyaning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi

Toshkent moliya instituti rektori U.O‘.Azizov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor J.Karimqulov va xalqaro aloqalar bo‘lim boshlig‘i S.Avazxodjayevlardan iborat institut delegatsiyasi joriy yilning 21-28 noyabr kunlari Malayziya davlatida xizmat safarida bo‘lishdi.

Xizmat safari davomida O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining 2018 yil 5 oktabrdagi 11-son bayoniga muvofiq Toshkent moliya instituti va Malayziyaning Bayneriy universiteti (Binary University of Management & Entrepreneurship) o‘rtasida qo‘shma “Binary Graduate School” fakulteti tashkil etilganligi munosabat bilan qo‘shma fakultet faoliyatini yo‘lga qo‘yish va ta'lim mutaxassisliklari uchun zarur o‘quv rejalari, o‘quv dasturlari, o‘quv-uslubiy faoliyatga oid boshqa zarur me'yoriy hujjatlar imzolandi.

Shuningdek, xizmat safarida mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasida Favqulodda va muxtor elchi Ravshan Usmanov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Toshkent moliya instituti va Malayziya oliy o‘quv yurtlari hamkorlik aloqalari asosida qo‘shma dasturlar, talabalar va ilmiy tadqiqotchilar hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvi bo‘yicha amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbilar haqida fikr va mulohazalar yuritildi.

Bundan tashqari, Toshkent moliya instituti va Malayziyaning Milliy energetika universiteti (UNITEN) vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasiga ko‘ra, endi nafaqat Toshkent moliya institutining talabalari, pedagog-xodimlari va doktorantlari uchun almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, balki 2019 yilning aprel oyida Malayziyaning Milliy energetika universitetidan 30 nafar iqtidorli talaba Toshkent moliya instititutiga qisqa muddatli (Study and Tourism) dasturda ishtirok etish uchun keladilar.

Xizmat safari davomida Malayziyaning boshqa nufuzli oliy ta'lim muassasalari, jumladan, Putra universiteti, Avstraliyaning Malayziyadagi Monash universitetlariga ham tashriflar amalga oshirilib, ushbu oliy ta'lim muassasalari bilan istiqbolda almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, xususan qo‘shma bakalavriat va magistratura ta'lim dasturlarini amalga oshirish, ikki tomonlama diplom berish, qo‘shma PhD dasturlarini tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Ilmiy ishlar va innovatsiyalar
bo‘yicha prorektor Jasur Karimqulov

Top